18 +  RSS  E-mail
14:14, 24 05 2019

Qashqadaryo viloyati hokimligida axborot xizmatlari va jurnalistlar hamkorligi masalalari muhokama qilindi


Qashqadaryoda OAVda jurnalistlar tomonidan koʻtarib chiqilgan muammoli holatlarga oʻz vaqtida munosabat bildiruvchi, jurnalist, bloger va mutaxassislardan iborat 7 kishilik ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tarkibi viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan matbuot xizmatlari faoliyatiga doir davra suhbatida maʼlum qilindi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi oʻrinbosari Dolli Allayev bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va xorij ommaviy axborot vositalarida voqeaning asl mohiyatini tushunib yetmay, mutasaddilarni yoki hokimiyat vakillarini aybdor qilishga urinish holatlari ham uchrab turganligini taʼkidlab, ishchi guruh mana shunday noxolis axborot beruvchilarga ham oʻz vaqtida munosabat bildirishi lozimligi haqida taklif kiritdi.

Tadbirda soʻz olgan “Qashqadaryo” gazetasi bosh muharriri Kamoliddin Karimov matbuot xizmati xodimlarining axborot berishni paysalga solishini tanqid qildi. “Kitob tumanida kelgan sel va uning oqibatlari haqida bilish uchun Favqulotda vaziyatlar boshqarmasining rasmiy izohini 3 kun kutdik, — deydi Kamoliddin Karimov. – Shu uch kunda berilgan javobni ham qayta-qayta soʻrayverganimizdan soʻngina, olishga muvaffaq boʻldik. Vaholanki, bu orada xorijiy OAVlarda asoslanmagan, tasdiqlanmagan, sel talofatlarini boʻrttirib koʻrsatuvchi videolar ham tarqalib ulgurdi.

Kamoliddin Karimovga koʻra, xorij OAVsi yoki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz, boʻxton xabarlarni kamaytirish uchun matbuot xizmatlari “uygʻonishi kerak.

— Bugungi kunda axborot oqimini boshqarib boʻlmaydi, — deydi Kamoliddin Karimov. – Asossiz va boʻxton xabarlarning oldini olish uchun matbuot xizmatlari jurnalistlarga aniq maʼlumotni tez fursatda yetkazib berishi kerak.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.

Murod KOMILOV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.