18 +  RSS  E-mail
13:25, 20 05 2019

Yosh tadbirkor — elga madadkor


Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, fermerlik sohasida faoliyat koʻrsatayotgan yigit-qizlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar esa bundaylar safini yanada kengaytirdi. Buxoro shahrilik Umidjon Murodov shunday yoshlardan biri.

Umidjon Buxoro muhandislik texnologiya institutini tamomlab, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan “Bakery chef” MChJga asos soldi.

“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining Buxoro shahar filiali tomonidan taqdim etilgan 350 mln soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻlariga zamonaviy texnikalar sotib olib, faoliyatini kengaytirdi.

— Hozirda bir kunda oʻrtacha 1000-1500 dona mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Asosiy xaridorlarimiz taʼlim muassasalari, turgʻun savdo shoxobchalari hisoblanadi. Yaqin kunlar ichida mahsulotlarimizni respublikamizning boshqa hududlariga ham yetkazib berish masalalari boʻyicha ish olib boryapmiz.  Ayni vaqtda 5 nafar yosh xotin-qizni ish bilan taʼminlaganmiz. Ularga 800 mingdan 1,5 mln soʻmgacha maosh beryapmiz. Rejalashtirgan ishlarimiz amalga oshadigan boʻlsa, ishchi oʻrinlari soni yana oʻn beshtaga koʻpayadi. Bu shuncha oila aniq daromad manbaiga ega boʻladi, deganidir,- deydi yosh tadbirkor biz bilan suhbatda.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, jamgʻarmaning Buxoro shahar filiali tomonidan Umidjon kabi yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, aniqrogʻi, ularni moliyalashtirishga hozirgi kunga qadar 5 mlrd soʻmga yaqin imtiyozli kredit mablagʻi yoʻnaltirildi. Joriy yil yakuniga qadar bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengayadi. Davlat dasturining maqsad-mohiyati ham shunda aslida.

Zarnigor NAFETDINOVA,

Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyat Kengashi matbuot kotibi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.