18 +  RSS  E-mail
15:20, 16 05 2019

TDAU rektoriga Koreya universitetining faxriy professori unvoni berildi


Koreya Respublikasining agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va ularning tajribasini Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida joriy etish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Toshkent davlat agrar universiteti Konkuk universiteti bilan 2015 yilda hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Hamkorlik doirasida hozirda Toshkent davlat agrar universiteti va filiallarning 5 nafar talabasi Konkuk universitetining “Chorvachilik” xalqaro magistratura dasturi boʻyicha tahsil olgan. Soʻnggi 3 yilda Toshkent davlat agrar universiteti va filiallarining 4 nafar oʻqituvchilari Konkuk universitetida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, zootexniya yoʻnalishlari boʻyicha malaka oshirib qaytdi.

Ayni vaqtda esa delegatsiya universitet prezidenti Min Sangi bilan uchrashdi va ikki tomonlama ilmiy-akademik faoliyatni kengaytirish borasida”Yoʻl xarita”si imzolandi. Unga koʻra, universitet bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash tizimi ishlab chiqiladi. Shuningdek, KOICA dasturi doirasida Toshkent davlat agrar universitetida “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sifatini aniqlash” zamonaviy laboratoriyasi barpo etish boʻyicha kelishib olindi.

Konkuk universitetining ilmiy kengashi aʼzolari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda qishloq xoʻjaligi uchun kadrlarni tayyorlashda ikkita universitet oʻrtasida hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyilganligi uchun rektor B.Sulaymonov Konkuk universitetning faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

Delegatsiya Chungnam milliy universitetida ham boʻldi. Mazkur dargoh 20 dan ortiq Markaziy Osiyo va Rossiya universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ilmiy-akademik hamkorlik oʻrnatgan. Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari ham 2017 yildan boshlab hamkorlikni yoʻlga qoʻygan edi.

Tashrif davomida bir qator kelishuvlarga erishildi. “Oʻsimlikshunoslik”, “Oʻsimliklar biotexnologiyasi” bakalavr yoʻnalishlari boʻyicha Toshkent davlat agrar universitetida qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish va ikki tomonlama diplom berishni tashkil qilish, KOICA va KOPIA xalqaro tashkilotlari dasturlari doirasida Toshkent davlat agrar universitetida “Erlarni shoʻrlanishi va uning unumdorligini aniqlash” loyihasi asosida zamonaviy laboratoriya barpo etish shular sirasidandir.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.