18 +  RSS  E-mail
15:16, 16 05 2019

Oilaviy bayram shukuhi


Xalqaro oila kuni Surxondaryo viloyatida oʻzgacha shukuh va quvonch bilan qarshi olindi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ushbu bayramni koʻtarinki ruhda kutib olish va munosib nishonlashga chorlash maqsadida aholi oʻrtasida bayram stikerlarini tarqatish aktsiyasini oʻtkazdi.

Maʼlumki, jahonda oila kuni sifatida bayram qilib kelingan ushbu sanani joriy yildan mamlakatimizda ham keng nishonlash targʻib qilinyapti. Zero, azal-azaldan muqaddas qoʻrgʻon sanalgan oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan, davlat va jamiyat rivojida muhim oʻrin tutadigan maskandir. Surxondaryo viloyatida oʻtkazilayotgan “Oila — muqaddas” aktsiyasida milliy qadriyatlarimizga xos ana shunday ulugʻ anaʼanalar keng tarannum etilayotgani ahamiyatlidir.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmagan bolalar huquqlarini samarali himoya qilish, oilalar mustahkamligini taʼminlash va ajralishlarning oldini olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda 30-40-50 va undan koʻproq yillar ahil, inoq turmush kechirgan oila vakillari uchrashuvlari tashkil etilib, mazkur tadbirga notinch va nizoli oilalar taklif qilinmoqda.

Jumladan, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi xodimlari ajralish yoqasida turgan 337 oilani yarashtirdi. 19 oila FHDYo boʻlimlari va suddan ajrashish haqidagi arizasini qaytarib oldi. 571 bola yarim yetim boʻlib qolishidan saqlab qolindi.

Shu tariqa yarashtirish imkoniyati orqali yuzlab oilalarning tiklanishi qanchadan-qancha bolajonlarning kemtik koʻngli toʻlgani, oʻksik qalbi quvonganini anglatadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.