18 +  RSS  E-mail
12:30, 14 05 2019

USAID Oʻzbekistonda AKT va ingliz tilini oʻqitishni rivojlantirish uchun $19,5 million taqdim etadi


AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Oʻzbekistonda xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ingliz tilini oʻqitishni rivojlantirish uchun $19,5 million (165 milliard soʻm) miqdorida grant taqdim etish haqida qaror qabul qildi.

Mazkur maʼlumot AQSh hukumatining www.grants.gov veb-saytida eʼlon qilindi.

Ushbu mablagʻlar maktab boshqaruviga, oʻquv qoʻllanmalarni takomillashtirishga hamda oʻqituvchilarning mazkur oʻquv qoʻllanmalardan taʼlim jarayonida foydalanish boʻyicha bilimlarini oshirishga sarflanadi. Qolaversa, mazkur loyiha yordamida taʼlim muassasalarida shaffoflik taʼminlanib, maktab boshqaruvini rivojlantirish usullari va strategiyasi ishlab chiqiladi.

Xususan, loyiha Xalq taʼlimi vazirligining oʻquvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan “IT Nation” tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda koʻmak beradi.

Eʼtiborlisi, ushbu loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning uchinchi qismini amalga oshirish hamda yangi tizimda ijtimoiy, maʼnaviy va maʼrifiy ishlarni tashkil etishda oʻz hissasini qoʻshadi.

Eslatib oʻtamiz, besh tashabbusning uchinchi yoʻnalishi aholi va yoshlarni komp’yuter hamda internetdan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, taʼlim sohasidagi muammolardan biri oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini obʼektiv baholash vositalarining yoʻqligidir. USAID agentligi koʻmagida yurtimiz umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida oʻqish va matematika (EGRA va EGMA) fanlari boʻyicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar oʻgʻil-qizlarning bilimidagi boʻshliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini koʻradi.

Shuningdek, USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq taʼlimi vazirligiga zamonaviy taʼlim usullarini joriy etish yoʻllari bilan bir qatorda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda yordam beradi.

Eslatib oʻtamiz, taqdim etilgan mazkur grant Xalq taʼlimi vazirligi hamda AQSh hukumati oʻrtasidagi taʼlim sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik doirasida amalga oshirilgan dastlabki loyihalardan biri hisoblanadi.

Ushbu hujjatni Xalq taʼlim vaziri Sherzod Shermatov hamda Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha davlat kotibining oʻrinbosari, elchi Elis Uells, shuningdek,  AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo buyicha oʻrinbosari yordamchisi Xav’er P’edra joriy yilning 27 fevralida Toshkent shahrida imzolagan.

Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.