18 +  RSS  E-mail
12:33, 14 05 2019

“Fidoyi hamshiralar qarshisida hamisha taʼzimdaman!”


Poytaxtimizdagi Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyida Xalqaro hamshiralar kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbirida fidoyi kasb egalariga yana bir bor ehtirom koʻrsatildi.

Unda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Farhod Xanapiyayev soʻzga chiqib, barcha hamshiralarni Xalqaro hamshiralar kuni bilan samimiy qutladi.

— Zamonaviy tibbiyotni hamshiralar ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Eng ilgʻor texnologiyalarga asoslangan amaliyotlarni oʻtkazish jarayonidan tortib, operatsiyadan keyingi bemor parvarishi, laboratoriya-diagnostika sohasi, uyma-uy yurib, oiladagi tibbiy madaniyat darajasining yuqori boʻlishida patronaj hamshiralarning oʻrni beqiyos, — dedi Alisher Shadmanov. — Shu bois ham, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda olib borilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida hamshiralik ishini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayapti.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 may kuni tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirishga oid qaroriga koʻra, oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. Shu oʻrinda yurtimizda uch yuz ming nafardan ziyod oʻz kasbiga sadoqatli hamshiralar tibbiyotning turli boʻgʻinlarida samarali faoliyat yuritib kelayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Ana shunday fidoyi, orasta, oqila, bir soʻz bilan aytganda, olijanob kasb egalari boʻlgan hamshiralarimiz qarshisida hamisha taʼzimdaman.

Qayd etish joizki, bugungi kungacha Toshkent tibbiyot akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” boʻlimlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha toʻrt yarim ming nafar oliy maʼlumotli bakalavr xamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Ular davolash-profilaktika muassasalarida bosh, katta va yetakchi hamshira hamda tibbiyot instituti va kollejlarida oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Yana bir eʼtiborli jihati, 18 nafar oliy maʼlumotli hamshira tibbiyot sohasida falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega boʻldi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida oʻtgan yil davomida samarali faoliyati bilan aholi salomatligini saqlashda munosib hissa qoʻshgan bir guruh fidoyi hamshiralar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

El ardogʻidagi sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar tantanali bayram tadbiriga oʻzgacha fayz kiritdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.