18 +  RSS  E-mail
12:27, 14 05 2019

Aholi bandligini taʼminlash — eng muhim vazifa


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida  aholini, ayniqsa, ayollarni ish bilan taʼminlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, koʻrsatmalar berildi. “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalar aniqlanib, ularga imtiyozli kreditlarni toʻliq ajratish zarurligi qayd etildi.

Tashrif chogʻida belgilab berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2019 yilda xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha shahar va tumanlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish manzilli dasturi ishlab chiqildi.

Ana shu topshiriqlar ijrosini amalga oshirish maqsadida Fargʻona viloyati hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi Shuhrat Gʻaniyev viloyatning barcha shahar-tumanlarida tadbirkorlar, loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Viloyat hokimi bilan birga viloyat sektorlari rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Beshariq tumanidagi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan dastlabki uchrashuvda viloyat hokimi Prezidentimiz tomonidan taʼkidlab oʻtilgan masalalar ijrosiga beshariqliklar masʼuliyat bilan yondashishlariga ishonch bildirdi. Aholi farovonligini oshirish uchun tadbirkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, ishbilarmonlarga bu borada berilayotgan imtiyozlarga toʻxtalib oʻtdi.

— Sektor rahbarlari xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratishlari lozim, — dedi viloyat rahbari. -Tashabbus, yangi loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi muammolarga iloji boricha yechim topiladi. Bemalol faoliyat yuritish zarur, dadil qadam bosish muhim.

Beshariq tumanida joriy yilda 374 ta loyiha amalga oshiriladi. Toʻrtta sektor hududida 25 ming ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilyapti. Tikuvchilik, toʻquvchilik, jun va charm mahsulotlari ishlab chiqarish, gilam toʻqish, doʻppidoʻzlik, koʻrpa tikish, kashtachilik, gullar va dekorativ daraxtlar yetishtirish, zargarlik buyumlari tayyorlash, issiqxona tashkil etishga oid loyihalar manzilli dastur asosini tashkil etib, ularning amalga oshirilishi beshariqlik ayollar bandligini taʼminlaydi.

Muloqotda mutasaddi tashkilotlar vakillari soʻz olib, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlganlarga tavsiyalar berdilar, tadbirkor va hunarmandlarga berilayotgan imtiyozlar, imkoniyatlar haqida aytib oʻtdilar.

“Beshariq ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning turli hududlaridan 1000 gektar yer maydoni ajratilib, tut plantatsiyalari barpo etiladi, pilla yetishtiriladi.

— Pillani oʻzimiz yetishtirib, shu yerda qayta ishlaymiz, — deydi tadbirkor Maqsudjon Qosimov. — Yiliga 400-500 ming dollarlik mahsulotlarni xorijga eksport qilamiz. Asosiysi, loyihamiz amaliyotga tatbiq etilishi bilan 14 mingta yangi ish oʻrni paydo boʻladi, tumanimiz ayollari bandligi taʼminlanadi. Hozircha 3 mingdan ortiq xotin-qizlar ishli boʻldi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Muammo va takliflar oʻrtaga tashlandi.

Fargʻona viloyati hokimi loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvni Uchkoʻprik tumanida davom ettirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Fargʻonaga tashrifi chogʻida viloyatga 27 trillion soʻmlik loyihalar bajarilishi uchun mablagʻ ajratilishini aytgan edi.

Tumanda 26500 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan boʻlib, 3438 ta tadbirkor roʻyxatga olingan. Buvayda tumanida esa 381 ta tadbirkor roʻyxatga olinib, 28 mingta ish oʻrni yaratish rejaga kiritilgan. Bu esa viloyat boʻyicha yil oxiriga qadar 300 mingdan ortiq yaratiladigan ish oʻrniga salmoqli hissa boʻlib qoʻshiladi.

Rishton tumanida viloyat hokimi bilan boʻlib oʻtgan tadbirkorlar uchrashuvi chogʻida tumanning kulolchilik sohasida dongʻi ketganligi, hozirgi kunda tadbirkorga 31 million soʻmgacha garovsiz mablagʻ berilayotganligiga alohida eʼtibor berildi.

Shuningdek, viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev tumanda 10 mingta tadbirkor roʻyxatdan oʻtadigan boʻlsa,  roʻyxatdan oʻtishga zarur 2 milliard soʻmdan ortiq toʻlov viloyat hokimligi tomonidan toʻlab berilishiga vaʼda berdi.

Tumanda hozirda 2166 ta tadbirkor roʻyxatga olingan boʻlib, 25 mingta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Furqat tumanida 1024 ta tadbirkor roʻyxatga olingan boʻlib, yangi 15 mingta ish oʻrni yaratish rejaga kiritilgan.

Viloyat hokimi Furqat tumanida asosan yogʻoch oʻymakorligi hunarmandchilik turi rivojlanganiga alohida urgʻu berdi. “Yusufali naqqosh” oilaviy korxonasi tomonidan ikkita katta korxona tashkil qilib, qoʻshimcha 5 mingta yoshlar uchun ish oʻrni yaratishga kelishildi.

Oltiariq tumanidagi uchrashuvda viloyat hokimi tadbirkorlikning oʻziga xosligiga alohida eʼtibor qaratdi.

— Prezidentimizning 6-7 may kunlaridagi Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻidagi eng muhim topshiriqlardan biri milliy hunarmandchiligimizga asoslangan yangi ish oʻrinlari yaratishdir. Bunday katta masʼuliyatni zimmamizga oldik. — dedi viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev.

Oltiariqda 28 mingta ish yaratiladi, hozirgacha  717 ta tadbirkor roʻyxatga olindi. Asosan ayollar uchun baxmal, koʻrpa-toʻshak tayyorlash sohasida korxonalar ochiladi.

Oltiariqda ayollar bandligi uchun yaratiladigan ish oʻrinlaridan tashqari qoʻshimcha uzumzorlar yaratib ish oʻrinlari tashkillashga tavsiya berildi.

Aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan bu kabi uchrashuvlar barcha shahar-tumanlarimizda Oʻzbekiston, Dangʻara, Quva, Bagʻdod, Yozyovon, Toshloq, Fargʻona, Qoʻshtepa tumanlari, Margʻilon, Qoʻqon shaharlarida ham oʻtkazildi. Xususan, Quvada anorchilik va giloschilik, Oltiariqda uzumchilik, Qoʻqonda hunarmandchilik, Qoʻshtepada ipakchilik asosiy ish oʻrinlari yaratish uchun rivojlantiriladi. Qoʻshtepa tumanidagi “Ismoiljon gilamlari” korxonasi faoliyati namuna sifatida koʻrsatildi.  Ushbu korxona hozirgacha 11 ta joyda filial tashkil etib, 4500 ta ish oʻrni yaratgan.

Viloyat hokimi 10 kun muddatda tadbirkorlar faoliyati tashkil boʻlganidan soʻng yana ular bilan muloqot oʻtkazadi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.