18 +  RSS  E-mail
13:51, 13 05 2019

MIB direktori oʻrinbosari M.Egamberdiyev Xorazm viloyatida sayyor qabul oʻtkazdi


Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori oʻrinbosari Muzaffar Egamberdiyev Xiva shahridagi 5-sonli musiqa maktabida viloyatning barcha tuman va shahar aholisi uchun sayyor qabul oʻtkazdi.

Uchrashuvda Byuroning Xorazm viloyat boshqarmasi rahbariyati, Xiva tuman prokurori va kommunal tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida barcha shahar va tumanlarda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan oʻzlarini qiynayotgan muammolari, taklif va mulohazalari tinglanib, ularni joyida bartaraf etish choralari koʻrildi.

Sayyor qabul davomida 18 ta fuqaroning murojaati eshitildi. Ular asosan qarzdorlikni va zararlarni undirish hamda tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq murojaatlardir.

Barcha masalalar birma-bir tinglanib, sayyor qabul jarayonida 18 ta murojaatdan 3 tasi joyida ijobiy hal etildi, 4 tasi boʻyicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirish berildi, 3 tasi faoliyatga tegishli boʻlmaganligi sababli tegishlilik boʻyicha yuborildi hamda 8 tasi qayta oʻrganish uchun qabul qilinib, nazoratga olindi va ularning yechimi yuzasidan masʼullar biriktirildi.

Shuningdek, MIB direktori oʻrinbosari M.Egamberdiyev sayyor qabuldan soʻng Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan “Book challenge” loyihasi doirasida Xiva shahar “Bolalar shaharchasi” oʻquvchilariga 30 dan ortiq turli badiiy, tarixiy va maʼnaviy kitoblar topshirdi.

Shuning bilan, Byuro direktori oʻrinbosari M.Egamberdiyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻidagi sayyor qabuli oʻz nihoyasiga yetdi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.