18 +  RSS  E-mail
13:54, 13 05 2019

Kunduzgi chiroqlarni yoqib yurmagan haydovchilar qancha jarima toʻlaydi?


Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalariga kiritilgan yangi oʻzgartirishlar boʻyicha jarimaga tortish boshlandi.

Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi hukumat qarori bir oy muqaddam qabul qilindi. Oʻtgan bir oy davomida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish kiritildi.

Endilikda, oʻzgartirishlarga muvofiq kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 128-moddasiga (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yoʻlkalaridan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) koʻra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yoʻlkalaridan yurgizishi, yoʻl belgilari yoki yoʻlning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qoʻyilgan talablarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib oʻtish, yoʻnalishli transport vositalari toʻxtaydigan bekatlardan yoki piyodalar oʻtish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yoʻlovchilarga loyqa sachratishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi (101 365 soʻm).

Xuddi shunday huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish — eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (202 730 soʻm), shunday huquqbuzarlikni ikki marta maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish — eng kam ish haqining uch baravari miqdorida (608 190 soʻm), xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish — eng kam ish haqining toʻrt baravari (810 920 soʻm) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab boʻladi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.