18 +  RSS  E-mail
13:49, 13 05 2019

Kogonda minitexnologiyalar yarmarkasi oʻtkazildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2 may kuni “Har bir oila-tadbirkor” dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi topshiriqlaridan kelib chiqib, Buxoro viloyatida aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning ishbilarmonlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ishlari yanada jadallashdi.

Viloyat hokimligi, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, tijorat banklari va sohaga daxldor boshqa tashkilotlar hamkorligida Kogon tumani va Kogon shahri aholisi, xususan, koʻp qavatli uylarda istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan oila vakillarini tadbirkorlikka oʻrgatish uchun oʻtkazilgan minitexnologiyalar va uskunalar yarmarkasi bu borada navbatdagi qadam boʻldi. Yarmarkada 30 dan ziyod kompaniyalarning rasmiy dilerlari asosan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar asosida ishlovchi kichik uskunalar, yuk tashishga moʻljallangan mototsikllar, motokul’tivatorlar, kompressorlar, santexnika mexanizmlari, tikuv dastgohlari va agrotexnikalarni namoyish qilishdi.

Shuningdek, yarmarka pavil’onlaridan mahallalarning ixtisoslashuviga koʻra, sartaroshlik, duradgorlik, temirchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilikni rivojlantirisha oid moslamalar oʻrin oldi. Taʼminotchi korxonalar oʻz mahsulotlarining xususiyatlari, qulayliklari va daromadliligi toʻgʻrisida keng tushuncha berishdi.

Shu bilan birga tadbirda aholini tadbirkorlik faoliyatini ilk bosqichida juda katta ahamiyatga ega boʻlgan biznes gʻoyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, asbob-uskunalar va taʼminotchi korxonalar toʻgʻrisidagi broshyura, tezis va boshqa shu kabi qoʻllanmalar tarqatildi. Yarmarka yakunida taʼminotchilar va aholi oʻrtasida 500 ga yaqin shartnomalar tuzildi. 300 nafardan ortiq fuqarolarga tanlagan texnikasi va minitexnologiyasi shu yerning oʻzida tantanali tarzda topshirildi.

Aniqroq aytadigan boʻlsak, 105 nafar fuqaro imtiyozli kredit hisobida tikuv mashinalari, 91 nafar fuqaro yuk tashish mototsikllari, 65 nafar fuqaro esa pishiriq tayyorlashda lozim boʻladigan minitexnologiyalar bilan taʼminlandi. Kreditni rasmiylashtirish jarayonlari shu yerni oʻzida bajarilgani yurtdoshlarimiz uchun yanada qulaylik yaratgani rost. Xuddi shunday tadbir 15 may kuni Buxoro shahrida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.