18 +  RSS  E-mail
10:04, 10 05 2019

Tadbirkorlik faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda


Aholining hayot darajasini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirishda davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish bilan, yurtimizda aholining turmush farovonligini oshirishga erishilmoqda.

Prezidentimizning joriy yilning 15 fevral kunidagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi 4193-sonli qarorining qabul qilinishi biznes yuritishda ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish va davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada rivojlantirilishiga zamin yaratmoqda.

Unga asosan, 2019 yil 1 iyundan jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyidan hamda yuridik shaxslar joylashgan joyidan qatʼiy nazar, davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil boʻyicha olishga haqliligi belgilab berildi.

Eʼtiborlisi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat boʻlganda davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar Markazlar bilan, bevosita xizmat koʻrsatuvchi organlarga murojaat qilinganda esa toʻlanadigan summadan 90 foiz miqdorida amalga oshiriladi.

Mazkur hujjatga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarining 2019 yil 1 apreldan bekor qilinadigan ayrim turlari roʻyxati, Davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilovchi normalari mavjud idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlagan holda qayta koʻrib chiqish jadvali tasdiqlandi.

Shuningdek, davlat xizmatlarini optimallashtirish, xizmatlar koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning elektron bazalarini shakllantirish hamda idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilish boʻyicha tadbirlar rejasi ham amaliyotga tadbiq etilishi belgilandi.

Ahamiyatlisi, 2019 yil 1 avgustdan davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi hamda toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisida maʼlumotnomalar, soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi boʻyicha guvohnoma talab qilinmaydi.

Eʼtiborli jihati 2019 yil 1 iyulga qadar davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlari takomillashtiriladi hamda tegishli axborot va hujjatlarni faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etish yoʻlga qoʻyiladi.

Davlat xizmatlari agentligiga Markazlar orqali davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish hamda yetkazib berish boʻyicha pullik ekspress-xizmatlar koʻrsatish huquqi beriladi. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar va borish qiyin boʻlgan tumanlar aholisiga ekspress-xizmatlar tekin koʻrsatilishi nazarda tutilgan.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, ushbu qarorda kelajak avlodning zamonaviy taʼlim olishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Jumladan, yuqori sinflar uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining oʻquv dasturiga “Elektron hukumat” tizimi xizmatlaridan foydalanish, talab eng yuqori boʻlgan davlat xizmatlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, Yagona portaldan foydalangan holda olish koʻnikmalariga oʻrgatishga bagʻishlangan maxsus boʻlim kiritish belgilangan.

Bu esa, yuqoridagi hujjatning oʻz vaqtida qabul qilinganligini, dolzarbligini, qolaversa, jamiyatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etishini koʻrsatib bermoqda.

B.JAMOLOV,

Davlat xizmatlari agentligi  Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.