18 +  RSS  E-mail
10:07, 10 05 2019

Qarshi shahrida ehtiyojmandlar oilalarga yangi uylar berildi


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida mamlakatimizda uysiz, kam taʼminlangan, nogiron va boquvchisini yoʻqotgan oilalar ham zamonaviy uy-joylarga koʻchib oʻtib, baxtli hayot kechirmoqda.

Darhaqiqat, uy inson hayotining ajralmas boʻlagi. Xalqimiz uni Vatanga qiyoslab, har bir insonning oʻz vatani, goʻshasi boʻlsin, deya duo qiladi.

Qarshi shahridagi Kat mahallasida 20 nafar nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan fuqaroga 20 ta moslashtirilgan uy-joyning kaliti topshirilgani ham mazkur duoning amaldagi ifodasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Qarshi shahri “Naxshab” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Dilnavoz Erkayeva yolgʻiz ona. Saraton kasalligiga chalingani bois, 2-guruh nogironi. Shu kunga qadar u bir nafar farzandi bilan onasinikida 4 nafar voyaga yetgan ukasi bilan jami 7 kishi bir xonali uyda yashab kelardi. Bugun uning uchun eng quvonchli kun. Endi uning oʻz uyi bor.

— Xursandchiligim ichimga sigʻmaydi, — deydi Dilnavoz koʻzlariga yosh olib. — Hatto oʻzimni sogʻlom insonlardek his qila boshladim. Keyingi paytlar juda tushkunlikka tushib qolgan edim. Bu uyning menga berilishi hayotimni butkul oʻzgartirib yuborgandek goʻyo. Oʻgʻlim Aleksandr ham hursand. Endi u ham tengdoshlari oldida uyalmaydi. Boshini tik tutib yuradi. Buning ustiga bizga berilgan uyda hamma sharoit muhayyo ekan. Xuddi tush koʻrayotgandekman, hozir.

Qarshi shahar “Qarliqbogʻot” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Lobar Usmonova ham turmush oʻrtogʻi vafotidan soʻng uch nafar yosh farzandi bilan qiynalib qoldi. U qaynotasinikida jami 4 ta oila bir xonadonda yashab kelardi. Ikkita oʻgʻli endigina maktabga bora boshlagan. Kenjasiga hali ona tarbiyasi zarur. Shu bois u ishlash imkonidan mahrum. Uy-joy masalasidagi oilaviy tortishuvlar soʻnggi paytlarda uni juda charchatgan edi. Mutasaddilar unga ham uy ajratganini eshitib, benihoya quvondi.

— Bugun men uchun eng baxtiyor kun, — deydi Lobar Usmonova. — Ayniqsa, farzandlarim juda hursand. Nasib etsa, bu uyda yangi hayot boshlayman. Biz kabi ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olganlardan bagʻoyat minnatdormiz. Ilgarilari ham bu masala boʻyicha koʻp bora murojaat qilganman, lekin hech natija boʻlmagan. Mana, haqiqat bor ekan. Nihoyat bizning ahvolimiz oʻrganilib, uy ajratildi. Bu hayotimizni, fikrimizni oʻzgartirdi. Hayotga mehrim oshdi. Bizga koʻrsatilgan bu eʼtiborni, albatta, oqlaymiz. Endi imkonim boricha harakat qilaman. Yonimizdagi tikuvchilik tsexida ishlab baxtli hayot kechiraman.

Darhaqiqat, tadbir doirasida yangi xonadonlarga ega boʻlgan fuqarolar ishlab, mehnat qilishlari uchun tikuvchilik va mebel tsexi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Endilikda ular mana shu tsexlarda ishlab, oilasi farovonligini taʼminlaydi.

Shuningdek, tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan uyga ega boʻlgan oilalarning 35 nafar farzandiga oʻquv-qurollari va boshqa qimmatbaho sovgʻalar ham berildi.

Uy topshirish marosimi katta shodiyona, bayramga aylandi. Yuzida hayotdan mamnunlik hissi barq etib turgan yangi xonadon egalarining quvonchi goʻyo olamni tutadi. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Roʻziyev soʻzga chiqdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.