18 +  RSS  E-mail
10:15, 10 05 2019

Haqiqat egiladi, bukiladi. Ammo…


Men oxirgi vaqtda boʻlayetgan ishlarni koʻrib hayron qolyapman. Nega deysizmi?

1. “Avtotest” yana gʻolib. Shuncha payt ijtimoiy tarmoqlarda xalq norozi boʻlib yozdi “Avtotest”ni monopoliyasini. Deputatlar qoʻllab-quvvatlashdi. Ammo baribir hammani gapi bir tiyin boʻlib, kimnidir “ukazka”si bilan barcha yuridik shaxslar “Avtotest” sertifikatini olishga majburlanishdi. Maqsad xalqni ezib pul qilish-mi ?

2. Toshkentda tibbiyot kollejida Jasur Ibragimovni urib oʻldirgan Islombek Toʻlaganov bir yarim yilda ozodlikka chiqdi.

Odam oʻldirishdan ancha yengil jinoyat qilganlar ham shunchalik tez ozodlikka chiqishmagan edilar. Oddiy misol, kuni kecha oʻz shaxsiy uyiga MIB xodimlari bostirib kirganda fuqaro MIB xodimini yuziga tupurdi, bunga javoban MIB xodimi ham fuqaroga tupurdi. Ammo fuqaroga 5 yillik jazo olishga sabab boʻldi. Savol tugʻiladi shu yerda. Unisi ham, bunisi ham tupurishdi. Biroq jazo bir kishiga tayinlandi. Yashasin bizning Oliy sud. oʻzbek sudimiz deb olqishlashdan boshqa iloji yoʻq.

3. Toshkent shahar hokimi yana Olimp choʻqqisida. Toshkentlik tadbirkorning bir necha yuz ming dollarlik qurgan uy-joylarini buzib tashlagan hokim birinchi tadbirkor bilan gaplashishni xohlamadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda qilingan tanqidiy maqolalardan soʻng tadbirkor bilan uchrashdi. Bu teta-tet boʻlgan suhbatda Toshkent shahar hokimi tadbirkorga umuman imkon bermay asosiy savol-javob qolib, boshqa narsalarni bahs qilib, beldan pastiga zarbalar berib nokaut qildi desak ham boʻladi. Kamiga tadbirkorni soliq toʻlashdan boʻyin tovlashda ham aybladi. Lekin bir kun kelib oʻzlari yaratgan monopol imperiyani kimdir kelib tekshirsa, asosiy aybdor kimligi bilinadi.

4. Bundan 2 yilcha muqaddam avtomashina haydovchilari petitsiya qilishib, avtomashinani oynasini qoraytirishga ruxsat berilishini soʻrab Oliy Majlisga soʻrovnoma berishgandi. Ruxsat berildi-yu. Ammo… Lekin… Faqat puli borlarga. Nima emish, 16 million toʻlasangiz mumkin-u, ammo shuncha pulni toʻlamasangiz maʼmuriy huquqbuzar boʻlarmishsiz. 16 millioni bor odamga mumkin-u, shuncha puli yoʻqqa mumkin emas. Qani bu yerda mantiq?

5. Kuni kecha chiqqan yangi qaror hammasidan ham oʻtib tushadi. Endilikda ichki ishlar organ xodimlarini bolalari oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz kirishar ekan. Ichki ishlar organlari aslida sharafli kasb. Jinoyatchilika qarshi kurashishadi, huquqbuzarliklarni oldini olishadi. Ammo oddiy xalqning bolalarida nima ayb?

6. Oliy Majlis senator va deputatlari. Oʻzbek xalqi hozirda har qachongidan ham ogʻir ahvolda. Sizlarni innovatsion gʻoyalaring, yani soliq, kommunal toʻlovlar (svet, gaz, suv) va jarima turlarini soʻnggi 2 yilda bir necha barobar oshirishlaring xalqqa ogʻir tushyapti. Yukorida turib pastga qarasa balki chiroyli koʻrinar. Xuddiki sizlar minbarda turib, balandparvoz gaplarni gapirganlaringdek. Lekin pastdan biz sizlarga qarasak doʻppimiz tushib ketyapti.

Soʻz oxirida yuqorida oʻtirgan ministr, hokim, senator, deputat, Oliy sud va boshka amaldorlarga bir taklif bor. Balki oʻzbek tili lugʻatidan «Hakikat», «Adolat» degan soʻzlarni olib tashlaganimiz maʼqul boʻlarmidi. Baribir ishlamaganidan keyin nima keragi bor bu soʻzlarni?

Haqiqat egiladi, bukiladi. Ammo Oʻzbekistonga kelib mayda-mayda boʻlib sinib ketadi.

Bobo TURAYEV.

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.