18 +  RSS  E-mail
11:46, 08 05 2019

Urganch davlat universitetida Prezident tavsiya etgan 5 ta muhim tashabbus boʻyicha “Yakshanba maktabi” loyihasi yoʻlga qoʻyildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 19 martda yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishini oshirish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus boʻyicha Urganch davlat universitetida “Yakshanba maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bunda oʻquvchilarda estetik did, kasbiy etika, kiyinish va muomala madaniyatini rivojlantirish, ularni adabiyot va sanʼatga oshno qilish, sanʼat, madaniyat va musiqa orqali ularni har jihatdan barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida pedagogika fakul’tetida BTM kafedrasi tomonidan “Qoʻgʻirchoq teatri”, Musiqiy taʼlim kafedrasi tomonidan “mahorat darslari”, TSMG kafedrasi tomonidan “Yosh rassomlar” toʻgaragi mashgʻulotlari tashkil etildi.

Oʻquvchilarni har jihatdan sogʻlom, jismonan baquvvat va chiniqqan, aqlan yetuk, sabr-qanoatli, chaqqon va intiluvchan, epchil va harakatchan, gʻayratli, uddaburon va tashabbuskor shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida jismoniy madaniyat fakul’teti tomonidan qizlar uchun “Gimnastrada”, fitnes, oʻgʻil bolalar uchun futbol, voleybol sport turlaridan toʻgaraklar tashkil etilib, mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Oʻquvchilarni elektron asarlarni oʻqishga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot gʻoyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish maqsadida fizika-matematika fakul’teti tomonidan “Komp’yuter texnologiyalari va internetdan foydalanish” boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etildi.

Oʻquvchilarning ilmiy va badiiy adabiyotlar, jumladan, didaktik asarlarni oʻqishga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish va shu orqali ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik, milliy oʻzlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish maqsadida filologiya fakul’teti tomonidan “Sheʼriyat”, “Reading club” (kitobxonlik) toʻgaraklari mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Oʻquvchi qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash, jamiyatga kasbiga sadoqatli, faol va tashabbuskor, har jihatdan yetuk kadrlarni yetkazib berish maqsadida mehnat taʼlimi kafedrasi tomonidan “tikuvchilik, toʻqish, qoʻl mehnati ishlari” kurslarini tashkil etildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.