18 +  RSS  E-mail
12:08, 08 05 2019

Toʻgʻri yoʻl koʻrsat


Bu yolgʻon dunyoning yolgʻonlari koʻp,

Yolgʻoniga uchgan nodonlari koʻp,

Yoʻldan ozdirguvchi shaytonlari koʻp,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Hayosiz insonga qilmagin oshno,

Topmadim soʻzidan na mantiq, maʼno,

Ularning nazdida devonaman, o,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Baʼzisi doʻstman der, lek ichi qora,

Munofiq yuzini koʻrsam dil pora,

Pora boʻlgan dilga bormikin chora?

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Maqsadi yoʻlida aylabon makr,

Oʻziga ogʻdirib qilganda sehr,

Oʻylamay aytsam gar biror bir fikr,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Igʻvogar gʻiybatning toshin otganda,

Toshlari koʻksimga kelib botganda,

Yaqin deb bilganim meni sotganda,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Na insof, na vijdon bilmaganlarni,

Doʻst boʻlib, doʻstligin qilmaganlarni,

Sezsam nazariga ilmaganlarni,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Goʻyoki murodi boʻlgandek hosil-

Ozurda koʻnglimni ogʻritsa johil,

Netay, koʻz yoshlarim boʻlolmas dalil,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Davrada koʻrolmay noshukr inson,

Yiqitmoq urinsa qidirib nuqson,

Jahlning otiga minsam gar shu on,

Allohim sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Taʼnimni qurshabon olmasdan gʻaflat,

Bir umr sen uchun qilayin toat,

Tun-u kun qalbimga solib hidoyat,

Allohim, sen oʻzing toʻgʻri yoʻl koʻrsat!

Jannat XONIM

“Sogʻinch sadosi”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.