18 +  RSS  E-mail
11:43, 08 05 2019

Paxtakorda toʻrtinchi sektor koʻmagida tuyaqush biznesi yoʻlga qoʻyildi


Bugungi kun har bir rahbardan odamlar dardi bilan yashash, ularning muammolarini vaqtida hal etib, farovon turmushini taʼminlashni davr talab etmoqda.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani davlat soliq inspektsiyasi  boshligʻi Orzimurod Ergashev rahbarligidagi toʻrtinchi sektor aʼzolari oʻz hududlarida tadbirkorlik sohasini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu bilan birga, oilalarni kichik biznesga jalb qilish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy ishlar olib borilmoqda.

Paxtakor tumanidagi «Oqbuloq” MFYda istiqomat qiluvchi Davron Xoliqov Afrika tuyaqushlari parvarishini yoʻlga qoʻydi. «Har bir oila- tadbirkor” davlat dasturi doirasida Paxtakor tumani davlat soliq inspektsiyasi rahbarligidagi 4-sektorning tavsiyasi bilan TIF Milliy bank tomonidan ajratilgan 30 million soʻmlik kredit asosida 16 ta tuyaqush joʻjasi sotib olindi. Sektor rahbariyatiga qilingan murojaat ijobiy hal etilgach, oilaviy tadbirkor turmush oʻrtogʻi va oʻgʻlini doimiy ish bilan taʼminlashga muvaffaq boʻldi.

— Tuyaqush yuz foiz chiqitsiz jonzot hisoblanadi. Uning hamma narsasi: goʻshti, terisi, suyagi, yogʻi, pati, tirnogʻi va tuxumidan foydalanish mumkin, — deydi tuyaqush biznesini yoʻlga qoʻygan D.Xoliqov. — Goʻshti shifobaxsh, pat va parlari jahon bozorida juda qadrlanadi.  Xullas haqiqiy yetti xazinaning biri. Tuyaqushlar tuxum bera boshlagach, ularning sonini yana koʻpaytirib, oilaviy korxonani kengaytirish niyatidamiz.

Bugungi kunda 4-sektorga 4 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari biriktirilgan. Hududda 15 ming 582 nafar aholi istiqomat qiladi. Sektor aʼzolari uyma-uy yurish davomida fuqarolarning muammolarini aniqlab, uni hal etish choralarini koʻrmoqdalar.

Dilbar Jozilova turmush oʻrtogʻi vafot etgach, 2 nafar farzandini yolgʻiz oʻzi voyaga yetkazmoqda. Sektorga ishga joylashish boʻyicha qilgan murojaati tez orada  ijobiy hal etildi.  U tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tavsiyasiga koʻra band boʻlmagan fuqaro sifatida pul toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Tumanda aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda bir qator kamchiliklar joyida bartaraf etilayotganligi maʼlum boʻldi. Bu esa sektorga nisbatan murojaatchilarning ishonchi ortib borayotganligini koʻrsatadi.

Sektorlar ishini yaxshilash uchun qabul qilingan davlat rahbarining 2019 yil 8 yanvardagi «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori har bir masʼul idora uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Jizzax viloyat DSB axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.