18 +  RSS  E-mail
12:11, 08 05 2019

Aholining huquqiy ongi oshmasidan oldin investor ziqnalik qilmagani foydali


Oʻzbek xalqi oʻtirimli boʻlib, makon tutgan goʻshasiga qattiq bogʻlanib qoladi.

Keyingi paytda shaharlardagi hovlilar oʻrnida koʻp qavatli uylar qurilmoqda. Ammo investor bilan buzilishga tushgan uy egasi oʻrtasida kelishuvga erishish qiyin boʻlyapti. Uy egasi bozor qiymatida kompensatsiya soʻrasa, investor bera olmayapti. Bu masalaning bir tomoni.

Ammo masalaning ikkinchi tomonini investorlar ham, fuqarolar ham koʻrib chiqishmagan.

Buzilishga tushgan uy egasiga shahardan 5-15 km uzoqlikda yer maydoni ajratish taklif qilinmoqda. Oʻsha joyda uy qursa, oilaga qoʻshimcha xarajat yuklanadi. Yaʼni er-xotin va ikki nafar farzand shahardagi ish va maktabga borishlari uchun 2 ta marshrutga chiqishlari lozim. Bu oiladagi 4 kishi uchun 1500 soʻmdan 2 ta marshrutga chiqib, borish-kelishga jami 24 ming soʻm oshiqcha yoʻl xarajati ketadi. Uy olis boʻlgani uchun tushlik qilishga ham 5 mingdan jami 20 ming soʻm sarflashga majbur.

Demak oila bir kunda 44 ming soʻm ortiqcha sarf-xarajat qilmoqda. Endi oʻylab koʻradigan boʻlsak, oyiga 1,3 million, yiliga esa 15,6 million soʻm boʻladi. Agar kamida 20 yil shaharga borib-kelishi hisobga olinsa, har oila 312 million soʻm ortiqcha xarajat qilishga majbur. Ushbu oila byudjetiga yetkaziladigan moddiy zarar summasiga 3 xonali kvartira olish mumkin edi.

Xolbuki, koʻp qavatli uyning birinchi va ikkinchi qavati, yaʼni 2 milliard soʻmga yaqin investorning “boʻlinmas” foydasidir.

Hurmatli investorlar! Aholining huquqiy ongi oshmasidan oldin bozor qiymatida kompensatsiya toʻlab, ularni rozi qilish afzal. Agar ziqnalik qilinsa, oila koʻchishi natijasida unga yetkaziladigan 312 million soʻmlik moddiy zarar va yashashga noqulay sharoit uchun 50 foizgacha maʼnaviy zararni ham talab qilsa, qoʻshimcha toʻlashdan boshqa iloj yoʻq.

“Xalq fikri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.