18 +  RSS  E-mail
9:04, 07 05 2019

“Shayton suvi”dan ichib “qasd” oldi


H.T. bir nafar farzandning otasi. Vaqtincha ishsiz bu yigit “toʻqlikka shoʻxlik” qildi.

U tanishi Sh.M. bilan birgalikda spirtli ichimlik isteʼmol qilishadi. Soʻng Sh.M.ning taklifi bilan uning tanishi bilan uchrashish maqsadida mast holatda koʻp qavatli uylar oldiga borishib u yerda nojoʻya hatti-harakatlarni sodir etishadi.

Sh.M.ning ukasi bu holatdan ranjiydi va akasiga tanbeh bermoqchi boʻladi. Bunday “tergash” ayni paytda H.T.ga yoqmaydi va unga “kimligini” koʻrsatib qoʻyishga “ahd” qiladi.

H.T. muqaddam spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan holda transport vositasini boshqarganligi uchun jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining qarori bilan 1 yil 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan boʻlishiga qaramasdan, mast holatda oʻziga tegishli “Neksiya” rusumli avtomashinasini boshqargan holda halqa avtomobil yoʻliga chiqdi. Uning chaqiruviga binoan kelgan Sh.M., Sh.M va D.K.lar bilan janjalni davom ettiradi.

Qasd olish uchun H.T. shaxsiy avtomashinasida katta tezlikda janjallashib qolgan tanishlarini bostirib ketishga harakat qiladi… Tanishlarining ustiga avtomashinani haydab yuboradi. Ularni oʻldirishni niyat qilgan mast-alast holdagi H.T. doʻstlikni va tanish-bilishlikni ham unutib yuboradi. Koʻziga qon koʻrinadi. Nima qilib boʻlsa ham aka-ukani va ularning doʻstini oʻldirib yuborishi kerak. Uning miyasida aylangan bu soʻz oqibatda begunoh yigitlarning turli darajada shikastlanishiga olib keladi.

“Sher” qiyofasiga kirgan haydovchi bir zumda tanishlarini yer bilan yakson qiladi. Oʻzining qilmishidan mamnun boʻlgan H.T. xursand boʻlib mashinasini yeldek uchirib ketadi. U xuddi shu paytda Sh.M.ning miyasidan qon ketib, shifoxonaga yotqizilganligini, tanishlariga ogʻir tan

jarohati yetkazganligini bilishni ham istamas edi.

Sh.M, ogʻir ahvolda Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga keltiriladi, ammo koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etadi.

Mana sizga shishadagi “shayton suvi”ning qora kasofati. Bir insonning dunyodan bevaqt koʻz yumishiga sababchi boʻlgan H.T.ning qilmishi…

Sudlanuvchi H.T. sud hukmi bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Kamol MURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.