18 +  RSS  E-mail
9:02, 07 05 2019

Shaffoflik yoʻlida kechiladigan mashaqqatlar


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi  «Ichki sayyoxlikni tezkorlik bilan rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PP-3514 sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan, har bir sohaga innovatsion texnologiyalarni tadbiq qilish, tashkilot faoliyatini shaffofligini taʼminlash va korruptsiyani oldini olish maqsadida — Xiva «Ichan-qalʼa» davlat muzey-qoʻriqxonasida joylashgan muzeylarga elektron biletlar sotish va tashrif buyuruvchilar hisobini yuritishni avtomatlashtirilgan tizimi, yaʼni turniketlar oʻrnatilishi boshlandi. Ushbu loyihaning 1-bosqichi ishga tushirildi.

2019 yil 15 apreldan boshlab, ochiq osmon ostidagi muzey-shahar boʻlgan “Ichan-qalʼa” hududiga kirish, muzeylar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish uchun chiptalar yagona kassadan sotilishi va barcha koʻrgazma va diqqatga sazovor joylarni kirish qismlariga oʻrnatilgan smart-turniketlar orqali amalga oshirildi.

Muzey chiptalari mahalliy sayyohlarga 4 ta va chet ellik sayyohlarga 3 ta tarif rejasi asosida sotiladi. Har xaftaning seshanba va juma kunlari — maktab oʻquvchilari va ularga hamroxlik qiluvchi ota-onalari yoki oʻqituvchilari muzeylarga bepul kirishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari — bolalar uylari va maxsus maktab internat tarbiyalanuvchilari, mehnat faxriylari, urush veteranlari yoki ularga tenglashtirilgan fuqarolar, nogironligi boʻlganlar, xizmatdagi harbiylar ham muzeylarga bepul kirishlari belgilangan.

«Muzeylarga elektron biletlar sotish va tashrif buyuruvchilar hisobini yuritishni avtomatlashtirilgan tizimi» (turniket) loyihasi ishga tushirilgandan keyin — shahrimizga kelayotgan sayyohlar (chet ellik va mahalliy) hisobini toʻgʻri yuritish taʼminlandi va davlat byudjetiga tushumlar 200-250 foizga oshdi. Hozirda “Ota darvoza” oldidagi markaziy chiptaxonada 6 ta va “Polvon darvoza”da 1 ta bilet sotish nuqtasi faoliyat yuritmoqda. Yana 1 ta chiptaxona shahar ichida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Har kuni inkassatsiya xizmati toʻgʻridan-toʻgʻri markaziy chiptaxonadan soat 19:30 da kunlik naqd pullar tushumini olib ketilishi tizimi taʼminlangan.

Loyihaning 2-bosqichida chiptalar masofadan turib sotilishi rejalashtirilgan. Bunda har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs (sayyohlik firmalari) masofadan turib oldindan elektron chiptalarini olish imkoniyati yaratiladi. Mahalliy sayyohlar oʻzlarinig mobil qurilmalari orqali (Slick va PayME) joyida toʻlovni amalga oshirishlari mumkin. Shaharni ichkari qismiga 4 ta oʻz-oʻziga xizmat qiluvchi maxsus info-kiosklar oʻrnatilishi ham rejalashtirilgan.

Loyihaning 3-bosqichida xalqaro toʻlov kartalaridan ham toʻlovlar qabul qilinishi yoʻlga qoʻyiladi.

Mazkur tizim sayyohlarni hisobini toʻgʻri yuritilishida va davlat byudjetiga pul tushumlarining shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Muzey-shaharda 4 ta asosiy kirish darvozalari va qalʼaning 2 ta qismi ochiq holatda. Hozirda faqat “Ota darvoza” va “Polvon darvoza”da turniketlar oʻrnatilgan. Mahalliy aholi vakillari shaharga kirish va chiqishlari qolgan 2 ta darvoza (Bogʻcha darvoza va Tosh darvoza) va qalʼaning ochiq qismlaridan amalga oshirilmoqda. Tub aholining “Ota darvoza” va “Polvon darvoza” orqali kirib-chiqishlari uchun maxsus ruxsat beruvchi hujjatlari ishlanmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, hattoki gidlar ham xorijlik turistlarni barchasini roʻyxatdan oʻtkazishmoqda (misol tariqasida shunday holatlar boʻlganki, oldinlari gidlar bilan 20 nafar turist tashrif buyursa, uning 15 tasigina roʻyxatdan oʻtgan). Shuningdek, «Ichan-qalʼa» davlat muzey qoʻriqxonasi hududida istiqomat qilmaydigan, ammo uning tashqari hududida yashaydiganlarga haqiqatdan ham noqulay sharoit yaratildi, lekin shahar bedarvoza emas, unga yoʻlni qisqartirish uchun, yaʼni manzilni yaqinlashtirish maqsadida muzey qoʻriqxonasidan kesib oʻtish shart emasku? 

Yaʼni, Anhor.uz ijtimoiy saytida “Vnov chinovnichya glupost – v svoy dom cherez turniket i za dengi?” nomli maqolasiga oydinlik kiritish maqsadida Madaniyat vazirligi matbuot kotibi holat yuzasidan aniqlik kiritib oʻrgandi.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.