18 +  RSS  E-mail
8:55, 07 05 2019

Qamrov kengaydi


Har yili Prezident sovrini uchun oʻtkazilayotgan «Tashabbus» koʻrik-tanlovi oʻz faoliyatida koʻzga koʻrinarli natijaga erishayotgan xususiy sektor vakillarini faol qoʻllab-quvvatlash va munosib ragʻbatlantirishni koʻzda tutadi.

Oʻz jabhasida eng nufuzli sanalgan ushbu tadbir orqali ishbilarmon ishiga xolis baho berish imkoni mavjud. Albatta, ushbu tanlovda ishtirok etib, hech bir tadbirkor yutqazmaydi. Aksincha, oʻzi uchun yangilik topadi, mahsulotini keng ommaga namoyish eta oladi, tajriba almashadi.

Maʼlumki, mazkur koʻrik-tanlov qamrovi ancha kengaydi, asosiy yoʻnalishlar soni ortdi. Ilgari biroz eʼtibordan chetdan qolgan sohalar — xizmat koʻrsatish va yoshlar tadbirkorligi rivojiga koʻmak berish, ularni hudud ravnaqiga qoʻshayotgan hissasiga koʻra taqdirlashga sharoit hozirlandi.

Shu kunlarda koʻrik-tanlovning hududiy bosqichlari boʻlib oʻtmoqda. Muborak tumanida ham ushbu tadbir yuqori saviyada, xolislik asosida tashkil etilishiga alohida ahamiyat qaratildi.

Bu bosqichda hududda faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Shu maqsadda qatnashchilar hakamlar hayʼati va mehmonlarga oʻz mahsulotlari va xizmatlari koʻrgazmasini namoyish qilishdi.

— Biznesimiz asosan sanoat yoʻnalishiga ixtisoslashgan, — deydi koʻrik-tanlov tuman bosqichi ishtirokchisi, «Eko hayot» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobir Umirov. — Hali maqtanishga arzigulik yutuqlarni qoʻlga kiritdik, deb aytolmayman. Chunki faoliyatimizni yoʻlga qoʻyganimizga koʻp boʻlmadi. Yangi uskunalar olib kelib, uy-roʻzgʻor uchun chelak hamda blok gʻisht ishlab chiqarayapmiz. 15 nafar kishini ish bilan taʼminladik. Hozir mahsulotimizga xaridor koʻp. Oyiga 400 dona 5 va 10 litr hajmli chelak, kuniga 1200 dona gʻisht tayyorlash quvvati mavjud. Ikkinchi chorakda tarmoqlarni koʻpaytiramiz. Yoʻlakbop plita, profilli eshik-rom singari qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etamiz. Aytganimdek, koʻrsatkichlarimiz biroz qoniqarli, shu ham natijamizga taʼsir etdi. Yakunda «Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori» yoʻnalishida ikkinchi oʻrin bilan kifoyalandik.

Qayd etish oʻrinli, Muborak tumani iqtisodiyotida yirik sanoat ulushi salmoqli boʻlsa-da, bu hududda kichik biznes subʼektlari rivojiga halal bermayapti. Muhimi, faoliyat yoʻnalishlarida xilma-xillik, bir-birini takrorlamaslik bor.

— 25 yil boʻlibdiki, gilamchilik bilan shugʻullanib kelamiz, — deydi hududiy bosqich gʻoliblaridan biri, yakka tartibdagi tadbirkor Ergash Yarashev. — 10-15 yil ilgari hunarmandchilikning bu turi hududimizga deyarli xos emasdi, yaʼni keng ommalashmagandi. Biz boshlab berdik, qolganlar rivojlantirishdi. Tabiiyki, shu bilan birga, shifobaxsh mahsulotga talab oʻlmaganidek, gilamlarimizga ham doim xaridor topiladi. Asosan chet ellik sayyohlarga taklif etamiz. Aholi buyurtmasi bilan ham gilam toʻqib beramiz. Bu ish oilaviy mashgʻulotga aylangan. Tuya, qoʻy va echki junidan kigiz,  sholcha, gilam, sumka kabi buyumlarni toʻqishni tashkil etganmiz. Kelgusida qiziquvchilar uchun oʻquv kursi ochish niyatimiz bor. Tanlovda mahsulotimizni namoyish etib, mehmonlarning eʼtirofini qozondik.

Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, barcha asosiy yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ularga tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho  sovgʻalari topshirildi. Qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha ham bir qancha ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Maʼlumot oʻrnida eslatish joiz, «Tashabbus-2019» koʻrik-tanlovining ilk bosqichlari Dehqonobod, Koson, Kasbi, Chiroqchi tumanlarida ham oʻtkazib boʻlindi.

M.SHUHRATOV

S.NARZIYEV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.