18 +  RSS  E-mail
8:52, 07 05 2019

Jizzaxlik nuroniylar Samarqandni ziyorat qildi


“Nuroniy” jamgʻarmasi Jizzax shahar boʻlimi tashabbusi bilan bir guruh mehnat faxriylari Samarqandda boʻlib, koʻhna shaharning diqqatga sazovor joylarini koʻzdan kechirdi, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.

Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda, bu borada maxsus dastur ham ishlab chiqilgan. Natijada koʻplab korxona va muassasalar, jamoat tashkilotlari yurtimizning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish maqsadida sayohatlar uyushtirishga kirishdi. Ayni kunlarda Samarqandning qaysi yodgorligiga bormang respublikamizning barcha hududlaridan kelgan ziyoratchilarni uchratasiz. 3 may kuni Amir Temur maqbarasida boʻlganimda, ana shunday ziyoratchilar guruhidan biri diqqatimni tortdi. Qiziqib koʻrsam, ular jizzaxlik otaxonu onaxonlar ekan.

— Ichki turizm rivojiga qaratilgan talablar tufayli yurtimiz boʻylab sayohat qilish uchun ajoyib imkoniyatlar vujudga keldi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Jizzax shahar boʻlimi boshligʻi Hamroqul Mamatqulov. — Biz ushbu imkoniyatlardan foydalanib, viloyatimizning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib chiqdik. Mana, bugun 50 nafar mehnat faxriysi bilan shahri azim Samarqandga keldik. Bizni bu yerda yaxshi kutib olishdi, sayohatimiz mazmunli oʻtishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.

Mehmonlarni “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand shahar boʻlimi raisi A.Muhiddinov va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha shahar kengashi raisi oʻrinbosari A.Mamatov iliq kutib oldi. Ular mehmonlarning sayohati bir kunga moʻljallanganini inobatga olib, ziyoratchilarni barcha yodgorliklar bilan tanishtirish uchun jonbozlik koʻrsatdi.

Jizzax shahar Alisher Navoiy nomidagi mahalla raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha oʻrinbosari Murod Sharipov Samarqandga bundan 50 yil avval talaba boʻlish uchun kelgan boʻlsa, endi faxriy sifatida kelganligini taʼkidladi: “Men toʻrt yil davomida Sadriddin Ayniy nomidagi pedegogika insitutida tahsil olganman. Onam ham shu shaharda, SamDUda oʻqigan. Shu sababli oilamizning Samarqandga mehri oʻzgacha. Shahar bunchalik oʻzgarib ketganligi meni hayratga soldi. Tarixiy obidalar yanada chiroyli va salobatli boʻlgandek nazarimda. Hamrohlarim ham bugungi ziyoratdan gʻoyatda mamnun”.

95 yoshli Zohir Hoji Soipov har gal Samarqandga kelganida, muqaddas qadamjolardan katta quvvat olishini uqtirar ekan, duoga qoʻl ochib, shu kunlarga yetkazganiga shukronalar aytdi hamda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning barqaror boʻlishini tiladi.

Toshpoʻlat RAHMATULLAYEV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.