18 +  RSS  E-mail
11:33, 06 05 2019

Piyodalar koʻprigi quriladi


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar inson manfaatlariga xizmat qiladi. Bu yurtimiz boʻylab davom etayotgan ulkan bunyodkorlik loyihalarida yaqqol namoyon boʻlayotir. Navoiy shahridagi Amir Temur nomli va “Gʻalaba” koʻchalari kesishmasida, markaziy dehqon bozori roʻparasida piyodalar uchun osma koʻprik qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi Qobul Tursunov, shahar hokimi Muhiddin Bozorov, shuningdek, viloyatdagi korxona va tashkilotlar mutasaddilari, nuroniylar Navoiy shahrining kundan-kunga chiroy ochib borayotgani, qurilayotgan yangi bino va koʻrkam koʻchalar nafaqat navoiyliklar, balki viloyatimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarga ham koʻtarinkilik ulashayotganini eʼtirof etishdi. Viloyat hokimi nutqida koʻprikning qurilishi aholi xavfsizligini taʼminlash, ularga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan boʻlib, bu Oʻzbekistondagi yagona loyiha hisoblanishini alohida taʼkidladi.

— Maʼlumki, ayni shu chorrahada markaziy dehqon bozorining joylashganligi bois piyodalar oqimi koʻp boʻladi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi bosh muhandisi V. Oʻrinov. — Ular uchun oʻtish joyining barpo etilishi loyihasining qiymati 12 milliard soʻm boʻlib, koʻprik uzunligi 325, balandligi 5,5 metrni tashkil etadi. Piyodalar oʻtish joyida toʻrtta zina va imkoniyati cheklanganlar uchun nishab yoʻlka boʻladi. Piyodalar yoʻlagi eni 3 metr, veloyoʻlak 1,5 metrdan iborat. Koʻprik bir daqiqada 400 nafar piyodaga xizmat koʻrsatadi.

Inshoot qurilishini “Navoiy koʻpriklardan foydalanish” davlat unitar korxonasi quruvchilari olib boradi. Koʻprik toʻrtta ustunga ega boʻlib, milliylik va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan holda doʻppi shaklida quriladi. Bu viloyatimizga keladigan sayyohlarni jalb qilishda ham ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joiz, koʻprik qurilishi boshlangani butun navoiyliklar uchun quvonchli xabar boʻldi. Chunki, haydovchilar hamda yoʻlovchilarga qulaylik yaratiladi. Qolaversa, yosh bolalar, keksa otaxonu onaxonlarning chorrahadan oʻtishi endi xavotir tugʻdirmaydi.

— Koʻprik qurilishi boshlanganini eshitib, juda xursand boʻldim, — deydi Islom Karimov nomli shohkoʻchada yashovchi pentsioner R. Davlatova. — Bozorga borib kelishda mashinalarning serqatnovligi biroz noqulaylik tugʻdirardi. Endi aholi uchun shunday yaxshi qulaylik yaratilmoqda. Bundan hammamiz quvonchdamiz.

Tadbirda qurilish ishlarining xayrli boshlanishi va yakun topishini tilab, Qurʼon tilovat qilindi.

Piyodalar koʻprigi joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi. Bu esa ulugʻ bayramga munosib tuhfa boʻladi.

Zulfiya BOBOYEVA,

“Doʻstlik bayrogʻi” muxbiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.