18 +  RSS  E-mail
13:49, 02 05 2019

Qashqadaryoda urush qatnashchilariga ehtirom koʻrsatilmoqda


9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 74 yilligi munosabati bilan viloyatimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga Prezidentimiz nomidan pul mukofoti, qimmatbaho sovgʻalar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining esdaliklari topshirilmoqda.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot kechirmoqda.

Urush qatnashchilarining xonadonida harbiy orkestr, viloyat sanʼat ustalari, yosh ijrochilar tomonidan yangragan kuy-qoʻshiqlar, turli millatlarning milliy raqslari yigʻilganlarga zavq-shavq ulashdi.

— Meni frontga kuzatayotgan yaqinlarimning yuzidagi iztirobni yaxshi eslayman, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Roʻzi bobo Soatov. — Oʻsha davrda yillar oʻtib mana shunday tinch, farovon, inson rohat-farogʻatda yashaydigan kunlar kelishini kim tasavvur qilibdi, deysiz. Doimo yurtimizning tinchligini oʻylayotgan, farzandlarimizning baxtli, saodatli hayot kechirishini taʼminlab berayotgani uchun Prezidentimizga ming bora rahmat aytaman. Biz urush qatnashchilariga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va ehtiromdan boshim koʻkka yetdi.

Qarshi tumani “Mevazor” MFYda yashovchi Eshonqul ota Ravshanov ham bugun oʻzining 96 bahorini qarshi oldi. Oʻzbekona jasorati, matonati, vatanparvarligi bilan hurmat qozongan Eshonqul  ota xonadoni bayram arafasida yanada fayzu tarovatga boyib ketdi. Viloyat hokimi Zafar Roʻziyev  otaxon xonadoniga tashrif buyurib,  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Eshonqul otaga pul mukofoti va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Otaxonning koʻzidagi quvonch esa shunday dorilamon kunlarga, qolaversa ularga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning shukronalik ifodasidir.

Mirishkor tumanida istiqomat qiluvchi Buxor ota Rajabov bu yil 101 yoshga toʻlib, keksalik gashtini surib yurgan faxriylardan. Ularning aytayotganlari avlodlar uchun ibrat maktabi. Buxor ota tinch hayotda baxtiyor yashayotgan odamlarni koʻrganidan doim xursand. Koʻplar urush koʻrgan otadan tinchlikni qadrlash hissiyotini olishga odatlangan. Bayram sovgʻasi sifatida Buxor otaga pul mukofoti, esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mehr-oqibat, qadr va ehtirom Oʻzbekistonda har doim ulugʻlab kelingan. Nuroniy bobolarimiz, momolarimiz bizlarga hayot maktabining bebaho ustozlaridir. Ulardan Vatanni sevishni, bir qarich tuprogʻini aziz va muqaddas bilib, ardoqlab yashashni oʻrganamiz. Zero, inson bu yorugʻ olamda oʻzidan faqat ezgulik ishlarini meros qoldirsagina ularning nomlari xotiralardan aslo oʻchmaydi. Qarilari doim musaffo osmonimizni tinchlik quyoshi misol nurlarga toʻldiraveradi.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Mugʻlon mahallasi ahli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xayrullo ota Shermatov  bilan faxrlanadi. Yuz yoshni qarshilayotgan otaxon hali tetik va bardam. Mahalla-koʻyning toʻy-maʼrakasida bosh, otaxonning mamnun nigohlaridan ajib bir shukronani ilgʻash qiyin emas.

Viloyatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va esdalik sovgʻalarini topshirish marosimlari davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham urush qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurib, ularga oʻzlarining esdalik sovgʻalarini topshirishmoqda.

Qashqadaryo viloyati  hokimligi  axborot  xizmati.

Murod  KOMILOV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.