18 +  RSS  E-mail
13:34, 02 05 2019

“Investorlar kuni”da 18 ta loyiha koʻrib chiqildi


Prezidentimizning “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida haftaning chorshanba kuni Buxoror viloyati hokimligida mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning loyiha takliflarini koʻrib chiqish anʼanaga aylandi. Navbatdagi tadbirda ham koʻplab istiqbolli loyihalar koʻrib chiqildi. 

Taqdimotda shahar va  tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 18 ta loyiha namoyish etildi. Loyihalarda asosan xizmat koʻrsatish obʼektlarini barpo etish, qishloq xoʻjaligiga yangicha innovatsiya va texnologiyalarni keng jalb qilish orqali yerlardan unumli foydalanish, chorvachilik va parrandachilik klasterlari yaratish tashabbusi ilgari surilgan.

Ulardan biri  Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sultan Texno Groups” MChJga qarashli shisha mahsulotini qayta ishlash korxonasidir.  Umumiy qiymati 9 mlrd 240 mln soʻm boʻlgan mazkur loyihaning asosiy qismi tashabbuskorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, “Hamkorbank” tomonidan ajratilishi koʻzda tutilgan 504 mln soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi. Loyiha toʻla quvvat bilan ishlaydigan boʻlsa, 40 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Umuman olganda, tadbirda umumiy qiymati 125 mlrd 304 mln boʻlgan, shundan 7 mln 406 ming AQSh dollaridan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Viloyat rahbari loyihalar bilan tanishar ekan, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, tashabbuskor tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida toʻxtaldi. Birinchi navbatda sanoatni rivojlantirish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishni yanada koʻpaytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, aholini ushbu mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash, eksportini oshirishda, pirovard natijada aholining turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Loyihalar amalga oshirilishi natijasida 451 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Bu shuncha oila muqim daromad manbaiga ega boʻladi, deganidir. Demak, haftaning chorshanba kunlari doimiy tarzda tashkil etilayotgan taqdimot tadbiri ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli boʻlmoqda.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.