18 +  RSS  E-mail
13:16, 30 04 2019

Termizda innovatsiyalarni joriy etish ishlari davom etmoqda


Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari, olimlar va talabalar bilan uchrashib, vazirlik tomonidan moliyalashtirilayotgan startap, innovatsion, ilmiy-texnik, tajriba-konstruktorlik loyihalar tanlovining mazmun-mohiyati haqida suhbat oʻtkazdi.

— Ilm-fanni moliyalashtirishning bir nechta yoʻnalishi mavjud, bular tayanch moliyalashtirish, maqsadli moliyalashtirish va grantlar, — dedi I. Abdurahmonov. — Hozirda muhtaram Prezidentimiz tomonidan Fanlar akademiyasining qator ilmiy-tadqiqot institutlariga tayanch moliyalashtirish ochib berilgan. Davlat ahamiyatiga ega boʻlgan, strategik vazifalarning bajarilishiga turtki beruvchi ixtirolarni nazarda tutuvchi maqsadli loyihalarni aniqlash, ularni moliyalashtirish mexanizmi hozirgi kunda ishlab chiqilmoqda. Olimlar tomonidan taqdim etilgan va mutaxassislar tomonidan tijoratlashtirish mumkin, deb topilgan startap, innovatsion, ilmiy-texnik, tajriba-konstruktorlik loyihalarini moliyalashtirish esa hozirgi kunda avj pallada. Olimlarimizdan, xususan Surxondaryo viloyatining ilmiy jamoasidan tanlovlarda va tanlovlar uchun mavzular taklif qilishda faol boʻlishlarini soʻraymiz.

Innovatsion rivojlanish vaziri oʻz ishchi guruhi bilan birgalikda Termiz shahrida vazirlik tomonidan qurib topshirilgan “Aqlli bekat”larni, oʻquvchilarga kitob oʻqish va bilimlarini oshirishda yaqindan yordam berayotgan avtonom wi-fi tizimi tamoyilida ishlaydigan Q-Box oʻrnatilgan maktablarni, shuningdek oʻsimliklar klinikasini koʻzdan kechirdi.

Shuningdek, ayni kunlarda Termiz shahrida qurilayotgan binoda innovatsion markaz barpo etilishiga kelishildi. Mazkur markazda innovatsion loyihalar, startaplarni ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va oʻzlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish hamda tijoratlashtirish ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish va xizmatlarning zamonaviy turlarini yaratish maqsadida viloyatning resurs bazalarini chuqur tadqiq qilish, innovatsion menejmentni rivojlantirish, innovatsiyalar bozorining marketing tadqiqotlarini oʻtkazish zamon talabidir. Shuningdek, innovatsion infratuzilma subʼektlari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish muhim vazifalardan, deb belgilandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.