18 +  RSS  E-mail
13:14, 30 04 2019

Eʼtibor va eʼzozdagi odamlar


Gʻallaorol tumani Madaniyat qishlogʻida yashovchi Bozorboy ota Oʻrolov Ikkinchi jahon urushidan omon qaytgan yurtdoshlarimizdan biri. Toʻqson toʻrt yoshga kirgan otaxon hali bardam, fikri tiniq, oʻtmish voqealarini yaxshi eslaydi.

Bozorboy Oʻrolov 1942 yil oʻn olti yoshida harbiy xizmatga ketgan. Harbiy xizmat uchun yoshi yetmasa-da, jussasining kattaligi, oʻzi koʻngilli boʻlib armiyaga ketishga ariza bergani tufayli harbiy komissariatdagilar ham koʻp surishtirib oʻtirmay joʻnatib yuborgan. Otaning hujjatlarida “qizil askar Bozorboy Oʻrolov 1925 yilda tugʻilgan, 1942 yilda harbiy xizmatga safarbar etilgan”, deb yozib qoʻyilgan.

Hali hayotning oqu qorasini tuzukroq ajrata olmaydigan oʻspirinning qisqa tayyorgarlikdan soʻng front ichkarisiga tushishi uning uchun ogʻir sinov edi. U Janubi-gʻarbiy front tarkibidagi armiyada ogʻir mudofaa janglaridan boshlab, Dnepr daryosi boʻyidagi urushda tub burilish boʻlgan qarshi hujum, Ukrainani bosqinchilardan ozod qilishdagi tarixiy janglarda ishtirok etdi.

— Urushga mendan oldin ketgan ikki akam qaytmadi, — deydi Bozorboy ota. — Hayotdan nasibam uzilmagan ekan, necha bor oʻlimdan qolib, bugungi kunlarni koʻrish nasib etdi. Dnepr boʻyidagi janglarda ogʻir yaralanib, xushsiz yotganimda halok boʻlganlar qatori koʻmilib ketishimga sal qolgan. Jasadlarni yigʻishtirib koʻmishayotganda baxtimga hamyurtim Abduvohid degan yigit mening tirikligimni bilib qolib sanchastga olib borgan. Keyin uzoq davolanishdan soʻng boshqa qismga tushib, Abduvohidni yoʻqotib qoʻydim. 1944 yilda Ukrainani ozod qilishdagi janglarning birida ogʻir yaralanib, harbiy xizmatga yaroqsiz topilib, uyga qaytdim. Haloskorim Abduvohidni koʻp axtarib, 1965 yilda Sirdaryo viloyatidan topdim.

Bozorboy Oʻrolov urushdan soʻng kolxozda ishladi. Urushda koʻrsatgan jasorati uchun berilgan jangovar orden va medallari qatoriga tinch mehnatdagi matonati uchun olgan davlat mukofotlari qoʻshildi. Toʻrt oʻgʻil, toʻrt qizni voyaga yetkazgan sobiq jangchi hozir 29 nabira, 65 chevara, 5 evaraning suyukli bobosi.

— Ozod va obod Vatanda, farzandlar davrasida baxtli yashayapman, — deydi Bozorboy ota. — Yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarini, yoshlarning kamolini koʻrib, shu kunlarga yetkazganiga behisob shukronalar qilaman. Bu osoyishtalik, baxtiyorlik davlatimizning odil siyosati tufaylidir. Men va men kabi qariyalar koʻrgan dahshatli urushni keyingi avlodlar aslo koʻrmasin. Yoshlarimiz tinchlik, osoyishtalikning eng buyuk neʼmat ekanini esdan chiqarmasin.

Ikkinchi jahon urushiga Jizzax viloyatidan 39 ming 620 nafar kishi ketgan edi. Ularning 7 ming 450 nafaridan “qora xat” kelgan boʻlsa, 3 ming 959 nafari bedarak ketgan. Jami 11 ming 408 nafari mashʼum urushdan qaytmagan.

Bozorboy ota kabi Ikkinchi jahon urushi dahshatlariga guvoh boʻlganlar soni tobora siyraklashmoqda. Bugungi kunda viloyatda 36 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi istiqomat qilayotir. Ular farzandlari bagʻrida, davlatimiz eʼtiborida, elning hurmat-eʼzozida umr kechirmoqda.

T.BEKNAZAROV,

Jamshid YORBEKOV (surat)


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.