18 +  RSS  E-mail
10:33, 27 04 2019

Zarbdor tumanida sektorlar hududdagi muammolarga yechim topa olmayaptimi?


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohatlar natijasida barcha tarmoqlar, jumladan  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kundan kunga rivojlanib borayapti.

Bu aholi bandligini taʼminlashga, xalqimiz turmush farovonligiga yaxshilashga xizmat qilayotir. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi va 2019 yilning 8 yanvaridagi «Hududlarni kompleks  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qarorlar ijrosini taʼminlash borasida sektorlar hududida ibratli tadbirlar, xayrli tashabbuslarga keng yoʻl ochilayotir. Ijtimoiy himoyaga  muhtoj aholi qatlamlarining muammolari oʻz yechimini topayotgani xalqimiz koʻnglidagi ish boʻlmoqda.

Zarbdor viloyatning choʻl hududida joylashgan tumanlardan biri.

14 ta mahalla, 8 ta qishloq fuqarolar yigʻinini oʻzida birlashtirgan tumanda 83 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman geografik joylashuvi jihatidan anchayin katta hududni oʻz ichiga oladi. Hudud katta boʻlganligi bois aholi punktlari tarqoq, bir-biridan olisda joylashgan. Shu boisdan ham ijtimoiy  sohada bir muncha muammolar mavjud.

Butun yurtda boʻlgani kabi Zarbdorda ham sektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, muammolarga  yechim topish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda  4 ta sektorning 80 dan ziyod aʼzolari xonadonma-xonadon yurib, aholining muammolarini, ularni tashvishga solayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni  oʻrganayaptilar. Biroq ular muammolar yechimini topishga harakat qilayaptilarmi?

ShAROIT YOʻQ JOYDA ISh BOʻLADIMI?

4-sektor «Andijon», «Sharq yulduzi», Alisher Navoiy, Tinchlik va Nurafshon qishloq hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarini oʻz ichiga oladi. 19 ming 243 nafar aholi istiqomat qilayotgan sektor hududida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, aholining turmush sharoitini  yaxshilash borasida birmuncha ishlar qilinayotgan boʻlsada, jiddiy natijalar koʻzga tashlanmayotir.

Sektor joylashgan «Sharq yulduzi» qishloq fuqarolar yigʻini  hududidagi  Zarbdor axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejidamiz. Mashgʻulotlarga xalaqit bermaslik uchun binoning oʻng tomonidan alohida eshik ochilgan. Bu yaxshi albatta. Sektorga ajratilgan xonalarni koʻzdan kechiramiz. Yaqindagina taʼmirlanganligi bilinib turibdi. Biroq sektor shtabi aʼzolarining xonalarda oʻtirib ishlashlari, murojaatchilarni  qabul qilishlari uchun hech qanday sharoit yoʻq. Xonalarning birida gilam bilan 1 ta stuldan boʻlak hechvaqo koʻrinmaydi. Ikkinchi xonada esa stollar bor-u, oʻtirib ishlash uchun stullar yoʻq. Komp’yuter, printer, skaner degan orgtexnika uskunalariga koʻzimiz tushmadi.

— 2018 yil soʻnggida tumanimizdagi sektorlar tarkibi oʻzgardi, — deydi sektor rahbari Begimqul Qulmatov. -Yil boshida shu binoga koʻchib kelgandik. Koʻrib turganingizdek xonalarning u yoq bu yogʻini oʻz kuchimiz bilan taʼmirlab oldik. Hozircha mebellar, orgtexnika vositalari ololganimiz yoʻq. Yozuv-chizuvni soliq inspektsiyasida qilayapmiz. Sektor shtabi aʼzolari bilan ham soliq inspektsiyasida kengashamiz. Xullas, bor imkoniyatdan foydalanishga harakat qilayapmiz.

Bu hol nafaqat sektor shtabi aʼzolarining ishlashlariga, balki aholining murojaatlariga ham jiddiy taʼsir koʻrsatayotir. Aytaylik, tuman markazidan 20 kilometrlar olisdagi Nurafshon mahallasidan muammosiga yechim izlab chiqqan fuqaro avval soliq inspektsiyasiga boradi. Sektor aʼzolaridan hech kimni topa olmasa, qaytib yana 10 kilometr yoʻl bosib «Sharq yulduzi» qishlogʻidagi kollejda joylashgan sektor idorasiga borishga majbur boʻladi. Afsuski, u yerdan ham hech kimni topa olmasligi tayin. Sharoit boʻlmagandan keyin bu yerda kim ham oʻtiradi. Kollej qorovuli yoki shu atrofda yurgan biror kimsadan «Sektor aʼzolari xonadonlarga chiqib ketgan» degan javobni eshitgach, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib yana ortga qaytadi.

Bu hol sektor hududida davlat dasturlarining ijrosi taʼminlanmasligiga olib keladi. Masalan, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil etadigan boʻlsak, yilning oʻtgan 4 oyi davomida birorta joʻyali ish qilinmaganligini koʻramiz. Sektor hududidagi  fuqarolar yigʻinlari aholisidan  tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun boshlangʻich sarmoya shakllantirish maqsadida hozirgacha 50 dan ziyod arizalar tushdi. Ularning 46 nafariga  sektor rahbari tomonidan tavsiyalar berildi.  Shunga qaramasdan endigina 4 nafar fuqaroga «Agrobank»ning Zarbdor tuman filiali tomonidan kredit ajratilganligini qanday baholasa boʻladi?

SAYYoR QABUL NOMIGAMI?

Qoʻlimizda sektor va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tomonidan shu yilning 17 aprel kuni  «Sharq yulduzi» qishloq fuqarolar yigʻinidagi 13-maktabda oʻtkazilgan sayyor qabulning bayonnomasi. Unda keltirilishicha, qabulda 52 nafar fuqarolar ishtirok etganlar. Qabul davomida ichimlik suvi masalasida 2 ta, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha 2 ta, arzon un tarqatish, transformator, soliq toʻlovlari toʻgʻrisida 1 tadan jami 7 ta murojaat boʻlgan.

Qabul davomida «Sharq yulduzi» qishloq fuqarolar yigʻini, E.Jumanbulbul koʻchasida yashovchi Toʻlagan Toshboyev mazkur koʻchada bir necha yillardan beri toza ichimlik suvi yoʻqligi, bu kamchilikni bartaraf etish uchun 3 metr suv quvurini almashtirish kifoya ekanligi toʻgʻrisida murojaat qilgan. Murojaatga  Zarbdor tuman «Suvoqova» DUK filiali rahbari Baxriddin Turdibekov shunday javob qilgan:

— Qishloq 2020 yilgi «Obod qishloq» dasturiga kiritildi. Ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar shu yoʻl bilan yechim topadi.

Korxona rahbari ana shunday javob bilan murojaatdan osongina qutilgan.

Bunday holatni koʻrib beixtiyor oʻyga tolasan, kishi. Nahotki, shuncha yildan beri ichimlik suvi taqchilligidan aziyat chekayotgan aholi  yana bir yil «Obod qishloq» dasturini kutishi kerak boʻlsa. Korxona rahbari uchun 3 metr quvurni almashtirish shunchalar mushkulmi? Mana sizga ommaviy qabullar natijasi. Bunday holatlarni koʻrgan har qanday kishida ommaviy qabullar ham nomiga ekanda, degan tasavvur uygʻonishi tabiiy hol.

NARXI QANChA, MEHRNI AYTING

Sektor hududida kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash ham oʻlda-joʻlda. Bu yil roʻyxatda turuvchi 59 oilaga 54 tup olma koʻchati tarqatilibdi. Nurafshon mahallasidagi 14 xonadonga homiylar hisobidan 300 kilogramm urugʻlik kartoshka olib berilibdi.   Bu koʻpmi, oz? Xulosa oʻzingizdan.

Nogironlar holidan xabar olish, ularning oʻksik koʻngillarini koʻtarish ham eʼtibordan chetda qolgan. «Sharq yulduzi» qishloq fuqarolar yigʻinida yashovchi Toʻlqin Safarov xonadonidamiz. Uning ikki qizi Madina va Odinalarning imkoniyati cheklangan. Tugʻma nogironlik tufayli har ikkala qizaloq ham oʻzlari mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega emas. Hozir Madina 7-, Odina 5-sinf oʻquvchisi. Ularning ikkisiga bitta aravacha.

— 10 yoshimga qadar oz boʻlsada yura olardim,-deydi Madina. — 4 yil boʻldi, umuman harakatlana olmayapman. Singlim Odina ham xuddi shunday holatda. Nogironlik aravachasi toʻgʻrisidagi murojaatlarimiz shu yil yangi yil bayrami arafasida qanoatlantirildi. Sektordagilar Odinaga ham aravacha vaʼda qilishgan. Qachon berishadi, hali nomaʼlum.

YoLGʻON MAʼLUMOTLAR KIMGA KERAK?

3-sektordamiz. Mazkur sektor 6 ta fuqarolar yigʻinini birlashtirgan boʻlib, hududda 22 ming 370 nafar aholi istiqomat qiladi.

— Sektor aʼzolarining xonadonma-xonadon yurishlari davomida 328 ta muammolar aniqlandi, — deydi kotib Xurshid Xudoyqulov. — Muammolarning 119 tasi yoki 52 foizi joyida hal etildi. Uyma-uy yurish jarayonida 22 nafar nogironning aravachaga muhtojligi maʼlum boʻldi. Shulardan biri Navroʻz mahallasi, Asqad Muxtor koʻchasi, 25-uyda istiqomat qiluvchi, 1945 yilda tugʻilgan Anor Usmonovaning nogironlar aravachasiga muhtojligi aniqlangan boʻlsa, ikkinchisi shu mahallaning Hamid Olimjon koʻchasidagi 22-uyda yashovchi, 1959 yilda tugʻilgan Gulsara Roziyevaning eshitish moslamasiga zaruriyati borligi toʻgʻrisidagi murojaatidir.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida avval Gulsara Roziyeva xonadoniga yoʻl oldik. Undan eshitish moslamasiga qachondan beri muhtoj ekanligini soʻraganimizda, hayratlanib yelka qisdi.

— Qulogʻim binoyidek, uni eshitmaydi, deb kim aytgan boʻlsa ham bekor gapiribdi. Allohga ming qatla shukurlar boʻlsinki, quloqlarimdan noliydigan joyim yoʻq. 60 yoshga kirib yolgʻon gapiramanmi.

Xijolat chekib, undan kechirim soʻradik. Soʻngra Anor Usmonova xonadonini izlay boshladik. Soʻrab, surishtirib A.Muxtor koʻchasi 25-uyni topgach, darvozasini taqillatdik. Afsuski, chaqiruvimiz javobsiz qoldi. Nihoyat qoʻshni xotin chiqib, uyda hech kim yoʻqligini aytdi. Undan avval xonadon egalarini, soʻngra Anor Usmonovaning nogironlar aravachasiga muhtojligi bor yoki yoʻqligini soʻradik.

— Anor opa sogʻ-salomat-ku. Aravacha menimcha uning nabirasiga kerak-ov,-dedi u.

Mana sizga uyma-uy yurib, aholi muammolarini oʻrganish natijasi. Bundan sektor aʼzolari uyma-uy yurish tadbirini faqat hisobot uchun oʻtkazadilar, degan xulosaga kelish mumkin. Shunday boʻlmaganda eshitish moslamasi va aravachaga muhtojlar roʻyxati koʻr-koʻrona tuzilmasdi. Balki, sektor hududida yashovchi 22 nafar nogironlarning aravachaga muhtojligi ham shunchaki gapdir.

NAJMIDDIN OTA HAMMASIGA QOʻL SILTADIMI?

3-sektor hududidagi «Shodlik» mahalasining Axmad Yassaviy koʻchasidamiz. Bu koʻchaning bir qismiga shagʻal toʻkilgan. Qolgan qismi yomgʻir yoqqan paytda loy, havo isib ketsa tuproq, chang ekan.

— Loy kechib yurishdan 6 yildan beri aziyat chekamiz, — deydi shu koʻchada yashovchi hamshira Sevara Jiyanboyeva. — 2 nafar farzandim bor. Koʻchaga chiqdimi, loyga botib keladi. Bu birgina mening emas, shu koʻchada yashovchi har bir xonadonning muammosi.

Mazkur hududda yashaydigan aholining muammolari birgina shular emas. Koʻcha boʻylab yurar ekanmiz xonadonma xonadon, har xil xoda va yogʻochlarga ilib tortilgan elektr tarmoqlari eʼtiborimizni oʻziga jalb etdi.

— Soch-soqolim shu el tashvishida oqardi,-deydi koʻcha oqsoqoli Najmiddin Baratov. — Koʻchamizda 100 ga yaqin xoʻjalik istiqomat qiladi. Hashar qilib koʻchaning bir qismiga shagʻal yotqizdik. Qolganiga qurbimiz yetmay turibdi. Muammo koʻtarib bormagan sektor ham, xalq qabulxonasi ham, boshqa tashkilotlar ham  qolmadi, hisob.   Sal shamol yoki yomgʻir yogʻsa bormi, bir zumda hammayoq zim-ziyo boʻladi. 7-8 yildan beri shu yerda yashaymiz. Elektr tarmogʻini ham oʻzimiz tortib olganmiz. Kimdir xoda, kimdir yogʻochdan tirgak qilib, xonadoniga elektr simi tortgan. Bu masalada ham avval tuman, keyin viloyat elektr tarmoqlaridagilarga bir necha bor murojaat qilganmiz. Hammasining gapi bitta. Boramiz, koʻramiz, tuzatamizdan nari oʻtishmaydi. Shuning uchun ham hammasiga qoʻl siltaganman, bolam.

Sektorlar oldida turgan asosiy vazifalardan biri bu yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish, kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tizimli tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Ana shunday tadbirlardan biri aholining tuman, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqotlarini tashkil etishdir. Chunki, bunday uchrashuv va muloqotlar davomida aholining talab va istaklari asosida iqtisodiyot tarmoqlaridagi kamchiliklarga chek qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi.

Ijtimoiy sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishning shakli va usullari takomillashadi.

Bekpoʻlat TOGʻAYEV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.