18 +  RSS  E-mail
10:32, 27 04 2019

TerDU rektori oʻzining “uzoq yillik eng yaqin doʻsti” kim ekanini oshkor qildi


Aytishlaricha, inson uchun hayotda ikki narsa eng moʻʼtabar va aziz. Bu – non va kitob. Non — rizq-roʻz, dasturxon koʻrki, hayot barakasi. Oʻtmishdan hikoya qiluvchi tarix, bugunni aks ettiruvchi koʻzgu, ertangi kunni aytib beruvchi moʻʼjiza esa kitobdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan har bir rahbarning oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilishi borasidagi tashabbus zamirida ham kitobxonlik targʻiboti orqali farzandlar tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishdek ezgu maqsad mujassam.

Yurtboshimizning bu tashabbusi Surxondaryo viloyatida ham nafaqat rahbarlar, balki aholining barcha qatlamlari orasida keng quloch yoyayotgan shu kunlarda Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov ham oʻzi oʻqigan Boysun tumanidagi 25-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga borib, maktab kutubxonasiga eng sara kitoblar jamlanmasini sovgʻa qildi.

Kitob topshirish bahonasida maktabning bu sobiq oʻquvchisi bilan yoshlar oʻrtasida uchrashuv tashkil qilindi. A.Toshqulov oʻquvchilar bilan muloqot chogʻida mamlakatimizda keyingi yillarda kitobxonlik masalalariga berilayotgan eʼtibor, kitobxonlarga koʻrsatilayotgan ragʻbat haqida gapirar ekan, oʻzining “uzoq yillik eng yaqin doʻsti” kim ekanini oshkor qilib, bu “qadrdon sirdoshi”ning bebaho xizmatlarini, hayotiy saboqlarini jonli misollar bilan taʼriflab berdi.

Samimiy muloqot oʻsmirlar qalbida havas, kelajakka umid, intilganga tole yor boʻlmogʻiga ishonch tuygʻularini uygʻotdi.

Tashrif asnosida TerDU rektori maktab sinfxonalariga kirib, oʻquvchilik davrlarini, muallim va murabbiylarining zahmatli mehnatlarini esga oldi. Uchrashuv ustozlar davrasida, toʻkin dasturxon atrofida davom etdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.