18 +  RSS  E-mail
10:30, 27 04 2019

Oʻzbekistonda Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutining filiallari ochiladi


Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Radiologiya tibbiy tadqiqot milliy markazi bosh direktori, P.A. Gertsen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Andrey Kaprin boshchiligidagi onkolog shifokorlardan iborat delegatsiya malakatimizda boʻlishdi. Ular yurtimizdagi Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahridagi filiali faoliyati bilan tanishdilar.

Sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanov bilan boʻlib oʻtgan muloqotda bugungi kunda dunyoda onkologik kasalliklari bilan kasallanish tobora oʻsib borayotgani taʼkidlandi. Maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyoda 15 million nafarga yaqin kishi ushbu kasallik bilan roʻyxatga olinadi . Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining prognoziga koʻra, 2020 yilga borib saraton kasalligiga chalingan bemorlarning soni 16 millionga yetishi mumkin. Shuning uchun saraton kasalligiga qarshi kurash, bu boradagi muammolarni hal qilish kompleks yondashuvni talab qiladi. Bunda ilgʻor xorijiy tajribani keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va rossiyalik hamkasblar ordinatura, aspirantura hamda doktorantura orqali yetuk onkolog va radiolog shifokorlarni tayyorlash, radioterapiya boʻlimlarida ishlash uchun tibbiy fizik mutaxassislarni yetishtirish, onkologlarning Rossiya klinikalarida stajirovkasini tashkil etish orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha qator qoʻshma loyihalarni muhokama qildilar. Eng asosiysi, bu borada P.A. Gertsen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti oʻzbek hamkasblari uchun oʻqishni bepul tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot chogʻida Toshkent va Samarqand shaharlarida P.A. Gertsen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti filiallarini ochishga kelishib olindi. Bundan tashqari, ilm-fan, telemeditsina boʻyicha haftalik anjumanlarni tashkil etish, yetakchi onkolog-jarrohlar bilan birgalikda mahorat darslar oʻtkazish, shuningdek, qoʻshma konferentsiya, kongress va simpoziumlarni muntazam oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.