18 +  RSS  E-mail
8:25, 25 04 2019

“Uyma-uy” loyihasida gʻallaorolliklar muammosi oʻrganildi


Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi “Ayollar qanoti” Gʻallaorol tumani “Alamli” MFYda “Uyma-uy” loyihasi doirasida mahallada milliy hunarmandchilik bilan shugʻullanib kelayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.

Mahallada istiqomat qiluvchi Qarshiyeva Shirin ayaning farzandi Javlonbek avtohalokat tufayli ogʻir jarohat oladi. Avtohalokatdan keyin bir necha bor davolanadi. Surunkali davolatishlar tufayli hayotga qaytgan Javlonbekni operatsiya qildirish uchun esa Shirin aya moliyaviy tomondan qiynalayotgani maʼlum boʻldi.

Loyiha davomida bu oiladagi ahvol yaqindan oʻrganilib, Javlonbekning oila aʼzolari bilan suhbatlashgan xolda xalq deputatlari Gʻallaorol tuman Kengashidagi partiya guruhi aʼzosi Lola Egamova nomidan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga deputatlik soʻrovi joʻnatildi. Hozirda Javlonbekni operatsiya qildirish uchun bepul yoʻllanma ajratish masalasi koʻrilmoqda.

“Uyma-uy” oʻrganishlar davomida Oybek koʻchasida yashovchi fuqaro Sindorova Mohinur xonadonidagi muammo yuzasidan partiya faollari oʻz harakatlarini boshlab yuborishdi.

— Mana necha yildirki qizim Laziza ogʻir xastalik tufayli aziyat chekib kelmoqda. 40 kunlik chaqaloqligida miyasiga qon quyulishi oqibatida II-guruh nogironi boʻlib qolgan. Har olti oyda davolatib turamiz. Afsuski, oxirgi 2 yil ichida davolatishga imkoniyatimiz yetmay qoldi. Hozirgi kunda 3 nafar farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim bilan ijarada yashab kelyapmiz. Agar iloji boʻlsa, qizimni davolanishi uchun imtiyozli yoʻllanmani olishimga koʻmaklasha olasizmi, — deya oʻz murojaatini bayon qildi Mohinur Sindorova.

Ushbu murojaat yuzasidan ham deputat tomonidan sogʻliqni saqlash boshqarmasiga deputatlik soʻrovi yuborilib, ijobiy javob qaytarilsa, tez kunlarda bepul davolanish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.     

Har bir qilingan murojaatning mazmunini berdik xolos. Bu murojaatlar ortida esa kimningdir qimmatli boʻlgan sogʻliq masalasi yotibdi. Xalq ishonchini qozonish uchun esa bunday murojaatlarning ijobiy yechimi muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻylaymizki, masʼul boʻlgan deputatlarimiz tomonidan ushbu masalalarga ijobiy javob qaytariladi. “Uyma-uy” oʻrganishlar Jizzax viloyatining barcha tuman, shahar kengashlarida davom etmoqda.

Nargiza ShAYDULLAYEVA

OʻzMTDP viloyat kengashi matbuot kotibi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.