18 +  RSS  E-mail
13:04, 23 04 2019

Odam savdosi jabrini tortayotgan 135 nafar vatandoshlarini qutqargan Shohruhning hikoyasi


Fazli qishlogʻida bobo-momomning qoʻlida katta boʻlganman. Ularni judayam yaxshi koʻraman, koʻngillariga qarayman, ogʻirlarini yengil qilishga urinaman. Duoguylarim ham boshimda parvona, meni yeru koʻkka ishonishmaydi. Shu tariqa bir-birovni avaylab yashaydigan muhitda ulgʻaydim.

Kunlardan bir kuni bobom oyogʻidan jarohat olib kasalxonaga tushib qoldi. Tabiiyki, bir oyogʻim kasalxonada boʻldi. Kuni buyi bobomga qarashib yonlarida qolardim. Bobomga Oʻzbekistonga xizmat safari bilan kelib tobi qochib qolgan Andrey ismli rus kishi palatadosh edi. Ular bir-birlari bilan nihoyatda qalin ogʻayni boʻlib qolishdi. Fikrlari bir joydan chiqar, qarindosh-urugʻlar orasidagi mehr-oqibatimizga  Andrey aka havas bilan qarardi. Oilaviy qadrdon boʻlib qoldikki, kasalxonadan chiqqach biznikiga 2 kun  mehmon boʻlib, keyin vataniga qaytib ketdi.

Shundan keyin ham uzoq vaqtgacha ular orasidagi doʻstlik uzilib ketmadi, tez-tez qoʻngʻiroqlashib  turishardi.

Yoshim ulgʻaygach, harbiy xizmatga bordim. Yigitlik burchimni ado etib uyga qaytgandan soʻng hech ishning boshini  tutolmadim. Sira omadim yurishmadi: oʻqishdan yiqildim, ishga joylasholmadim. Kunlardan bir kun bobomga Andrey akanikiga mehmonga borib kelsamchi, degan taklifni aytdim. Zoʻrgʻa ruxsat olib, qayoqdasan Rossiya, deya safarga otlandim. Afsuski, Andrey aka olamdan oʻtgan ekan.

Oʻzbekiston va oʻzbeklarning bagʻrikengligi, mehmondoʻstligi, Kasbi tumani Fazli qishlogʻidagi Abduxoliq bobomning odamiyligi haqida koʻp aytib bergan ekanlar, yangamiz Yelena xola mehr bilan, ochiq koʻngillik bilan meni kutib oldilar. Uylaridan joy berib, mehribonlik koʻrsatdilar.

Bir kuni Qora dengiz boʻylab sayrga taklif qildilar. Dengiz boʻylab yurganimda ikki nafar oʻzbekistonlik hamyurtlarim bilan tasodifan tanishib qoldim. Xorazmlik va andijonlik bu yigitlar qariyib bir yildan buyon pasportsiz, oylik olmasdan  majburiy mehnatga jalb qilinayotganliklarini, fursat topguncha uylariga qaytib ketishlari kerakligi, qochishning hech iloji yoʻqligini aytib, dardlarini toʻkib solishdi. Uzoq suhbatlashdik, yuragimga olov tushdi.

Yelena xolanikiga  qaytib kelgach, uxlolmay chiqdim. Qoshi qoshimday, koʻzi koʻzimday tim qora vatandoshlarimning mungli chehralari hayolimdan ketmay qoldi.

Ertalab uygʻonishim bilan yana oʻsha yigitlarning oldiga yugurdim. Yashash sharoitlari bilan tanishdim, kazarmaday joyda tiqilib, hech qanday sharoitsiz yashayotgan oʻzbekistonlik, tojikistonlik, qirgʻizistonlik yigitlarning ahvolini koʻrib battar yuragim achishib ketdi. Hali hamon temir karavotlar, yagʻiri chiqib ketgan choyshablar, nurab ketgan devorlar, teshilib ketgan pollar hayolimdan ketmaydi.

Nima qilishni bilmay yana Qora dengiz boʻyini yigʻlab-yigʻlab aylandim. Chorasizligimdan ezilib ketdim. Koʻp yoʻl-yoʻriqni biladigan Yelena xoladan yordam soʻrash kerak, degan fikr yarq etib hayolimdan oʻtdi. Yugurib uyiga qaytib keldim va  voqeani obdon tushuntirdim.  Yurtdoshlarimni qutqarishga yordam berishlarini soʻrab, yalinib-yolvordim. Ularni vatandoshlarim yashayotgan joyga yetaklab keldim. Xola vaziyatni tushunib yetgach,  qayerlargadir qoʻngʻiroq qildi, kimlar bilandir talashib-tortishdi. Eng qizigʻi, yigitlarimizning pasportini olib qoʻygan zoʻravonlar esa bir pastda qayergadir gʻoyib boʻlishdi.

Telefonda navbatdagi daxanaki jangdan soʻng, xola bizni bir xonaga boshladilar va polni qoʻporishni buyurdi. Polni qoʻllarim bilan buzib, ochib qarasam bir uyum pasport skochlab tashlangan, umrim bino boʻlib buncha pasportni koʻrmagan edim. Shosha-pisha  pasportlarni bir-biridan ajratib, egalariga  tarqatdim. Yigitlar goh meni, goh Yelena xolani quchoqlab minnatdorchilik bildirishar, quvonchlarining cheki yoʻq edi.

“Noshukurligimiz uchun shunday balolarga yoʻliqdik”, “binoyiday ishimni tashlab kelibman-a”, “menga bu yerlarda nima bor edi”, “ikki dunyodayam bunaqa nomaʼqul ishga qoʻl urmayman”, “oʻz yurtingdan qoʻymasin ekan”…

Yigitlar biri olib, biri qoʻyib shunday deyishar, pasportlarini koʻzlariga surishar edi.

Qonun-qoidani yaxshi biladigan Yelena xoladan yillab ishlab, eng ogʻir ishlarga jalb qilinsada bir tiyin ham ololmay aldangan yigitlarni yurtga qaytarishga ham yordam berishlarini soʻradim. Xola yana bir marta himmat koʻrsatib, avtobus, yengil avtomashina yollab berdilar.  Mehribon, gʻamxoʻr va yaxshilikni unutmaydigan, oʻris xolam bilan ming yillik qadrdonlarday quchoqlashib xayrlashdik. U kishi ham koʻzda yosh bilan bizni kuzatib qoldilar.

Uzoq va mashaqqatli safarimiz tugab, qadrdon Oʻzbekistonimizga yetib keldik. Yigitlar menga tashakkur bildirib, uy-uylariga tarqab ketishdi. Men ham uyga kelgach, bobomni ortiqcha havotirga solmaslik uchun boʻlgan voqealar haqida ogʻiz ochmadim.

Kunlardan bir kun Toshkentdan mehmonlar kelib, tuman yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazishdi. Odam savdosi haqida gapirishdi. Oʻshandagina soʻz olib, tengdoshlarimni ogohlantirish uchun boʻlgan voqeani aytib berdim.

…Keyin meni hamma “qahramon” deb atay boshlashdi. Tuman hokimi yonlariga ishga oldilar. “Mard oʻgʻlon” mukofotiga tavsiya qilishdi. Qandaydir xijolatli ham. Mening oʻrnimdagi har qanday inson shunday qilgan boʻlardi, deb oʻylayman. Hech qanday manfaat yoki taʼmasiz.

Yoshlar bilan uchrashuvda odam savdosining salbiy oqibatlari haqida suhbat ruhlantirmaganda, bu voqealarga shaxsan oʻzim guvohligimni, boshqalarga  noqonuniy yoʻllar bilan horijda ishlashga borish ogʻir oqibatlarga olib kelishini aytmasam gunoh boʻladi, deb oʻyladim. Aytdim. Boʻlmasa bu voqea, balki ichimda qolib ketarmidi.

Aslida, asl qahramonlik xalqimizning qadriyatlarida, deb oʻylayman. Abduxoliq bobomning mehru oqibati, bagʻrikengligi, insonparvarligidan paydo boʻlgan doʻstlik tufayli 135 nafar yigit odam savdosi jabridan qutqarildi. Mening fikrim shu.

Endigi rejammi? Oliy maʼlumotli boʻlish, el-yurtga naf keltiradigan kasbni egallash. Men uchun qahramonlik?… Umrni mazmunli oʻtkazish, ota-bobolarimizga munosib hayot kechirishdir.

Suhbatdosh: Lola SAODATOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.