18 +  RSS  E-mail
13:16, 22 04 2019

I anʼanaviy “Poykent oqshomlari” badiiy-tarixiy, musiqiy festivali boʻlib oʻtdi


Mazkur festival ilk marotaba oʻtkazilishiga qaramasdan unga tashrif buyuruvchilar soni 10 mingdan oshdi. Festivalning tantanali ochilish marosimida Qorakoʻl tumani hokimi Husniddin Gʻoyirov soʻzga chiqib festival ishtirokchilarini samimiy muborakbod etdi.

Festival doirasida “Poykent tarixi” muzeyi atrofidagi bogʻda turli tadbirlar, dor oʻyinlari, xalq amaliy va badiiy sanʼat koʻrgazma-yarmarkasi, maktab va kollej oʻquvchilari oʻrtasida Qorakoʻl tumani va “Poykent” tarixi bilimdonlari tanlovi hamda milliy kuy-qoʻshiq va milliy qadriyatlar namoyishi boʻlib oʻtdi. Ayniqsa, oʻndan ziyod fol’klor-etnografik ansambllar tomonidan ijro etilgan qoʻshiqlar mehmonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Shuningdek, qadimgi Poykent xarobalari bagʻrida turli xil xalq oʻyinlari hamda kurash musobaqalari ham tashkil etildi.

Festivalning tantanali yopilish marosimi tuman hokimligi oldida tashkil etildi. Maydonga oʻrnatilgan rang-barang chiroqlar,  kechqurun turli ranglarda tovlanadigan favvora, yoqimli kuy-qoʻshiqlar, jozibali raqslar oqshom ishtirokchilariga xush kayfiyat baxsh etdi.

Tadbir soʻngida festivalda faol ishtirok etganlar munosib taqdirlandi. Shuning bilan I anʼanaviy “Poykent oqshomlari” badiiy-tarixiy, musiqiy festivaliga yakun yasaldi.

Qorakoʻl tuman hokimligi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.