18 +  RSS  E-mail
13:39, 22 04 2019

Hatto singlim haqida ham “qattiq qaygʻurdi”


Ming afsuslar boʻlsinkim, hozirgi kunda firibgarlik illatining tobora urchib, oʻzganing haqidan qoʻrqmaydigan noinsoflarning koʻpayib borayotganligidan qalbimiz larzaga tushadi.

I.J. ham ana shundaylar sirasidan ekan. U muqaddam sudlangan, qilmishiga yarasha jazo olgan boʻlsa ham yana jinoiy javobgarlikka tortilishdan, el-ulus oldi-da yuzi qaro boʻlishdan  qoʻrqmadi.

Pulga muhtoj boʻlib turganligi uchun tanishining ancha mulkini oʻzlashtirishga urindi. R.Yu.ga katta yoʻlda joylashgan fermer  xoʻjaliklari dala maydonlarini  koʻrsatib, “shu yerlarda  keyinchalik joy oʻrni beriladi, men tuman yer uchastkasi ajratish komissiyasi aʼzosi boʻlib saylandim, agar istasangiz sizga ham joy oʻrni beraman” deya aldadi va beshta joy oʻrni uchun doʻstining 45000 AQSh dollarini qoʻlga kiritdi-da oʻzining ehtiyojlariga ishlatib yubordi.

Firibgarlikda unga teng keladigan nomzod topilmasdi. U turmush  oʻrtogʻi va fuqaro B.M.ning nomida boʻlgan  “Nexia” va  “Cobalt” rusumli  avtotransport vositalari guvohnomalarini davlat ishlab chiqarish birlashmasi standartlariga javob bermaydigan usulda, komp’yuterning rangli printerida tayyorladi. Qasddan hujjatlarni qalbaki ekanligini bila turib, oʻzining firibgarlik jinoyatini yashirish maqsadida ushbu guvohnomalarni jabrlanuvchi R.Yu.ga  taqdim qildi.

Xoʻsh, R.Yu. bu borada qanday fikr bildirar ekan? U firibgarga qay  yoʻsinda aldanib qolgan?

— Bir kuni menga “Sizga bir gap aytaman, men komissiyaga aʼzo sifatida kiritildim. Mazkur komissiya dala maydonlaridan yer berayapti. Mazkur joy oʻrinlari tender asosida oʻz narxida sotiladi, agar hohlasangiz siz ham foydalanib qoling, davlat narxida” degan edi. Men oʻsha paytda unchalik roʻyxush bermadim. Biroq har gal uchrashib qolganimizda u yer olib berish taklifini aytib  qiziqtirardi. Hatto singlim haqida ham “qattiq qaygʻurdi”.

“U mening ham singlim, mening ortimdan joy oʻrni egasi boʻlib qolsin” dedi.  Men  joy oʻrni qachon berilishi haqida soʻradim. U esa hozir bugʻdoy ekilib turganligini, ekin oʻrib olingandan soʻng berilishini aytdi. Men oʻsha paytda singlimning 25000 AQSh dollarini berib yubordim. Oradan koʻp oʻtmay I.J. yana telefon qildi va  “pullaringizni bankka oʻtkazdim, pasport nusxalarini ham taqdim qilib, hamma hujjatlarni tayyorladim. Ishingiz bitdi” dedi.

Oradan bir hafta oʻtgach I.J. shoshilib keldi va “aka sizga olib bermoqchi boʻlgan yer oʻrinlari berilayotgan joydan oʻzim ham bir burchak qismidan oldim va orqa tomondan qilib ikkita yer oʻrni oldim. Siz ham oling, qoʻshni boʻlaylik” dedi. Men esa uning yolgʻoniga uchib 20000 AQSh dollarini qoʻshqoʻllab tutqazib yuboribman. Shundan soʻng “joy oʻrni”dagi bugʻdoy ham oʻrib boʻlindi, ammo I.J.dan sado chiqmadi. Faqat jabrlanuvchilarni biroz tinchlantirib turish uchun qalbaki avtomashina hujjatlarini  keltirib tutqazdi…

Har gal uchrashganida I.J. “Toshkentdan komissiya keldi, yerlarni oʻlchab turishibdi” deb oydan oyni oʻtkazib yuraverdi….

Firibgarga aldanib qolganligini bilgan fuqarolar bu haqda tegishli organlarga maʼlum qilishdi. Aniqlanishicha, oʻsha paytda I.J. qidiruvda yurgan shaxs ekanligi ayon boʻldi. Qilgan jinoyat ishlari uchun u qamalib ketdi…

Oradan yana yillar oʻtdi. Qamoqdan chiqib kelgan I.J.ning xonadoniga jabrlanuvchilar kirib borishdi va pullarini qaytib berishini soʻrashdi.

Nihoyat, yelib-yugurishlar natijasida jabrlanuvchilar qoʻshqoʻllab tutqazgan pullarini olishga muvaffaq boʻlishdi.

Firibgar ham inson qiyofasidagi kimsa. Ular siz-u bizning shundoqqina yonginamizda yashab yurishibdi. Ularga aldanib qolmang, azizlar!

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.