18 +  RSS  E-mail
13:00, 20 04 2019

Onajonim


Koʻchangdan lapanglab oʻtganda tobut sen uni toʻrt qadam kuzatganmisan?..

Abdulla Oripov

Tilim chiqib, u-bu narsani anglay boshlaganimda, onamdan “Men qayerdan paydo boʻlganman?”, deb soʻraganman. Onam “Men tuqqanman”, degan. “Sizni-chi?”. “Onam”. “Onangizni kim tuqqan?”, deb yana soʻraganman. “Onamning onasi”, deb javob bergan. “Onangizni onasining onasini-chi?”, deganman. “Xudo yaratgan”, deb javob bergan onam. “Xudoni-chi?”, deganman. “Unaqa dema, gunoh boʻladi” degan onam. Shu-shu, bu savolni boshqa bermaganman ham, bu haqda sira oʻylamaganman ham. “Onamning “Gunoh boʻladi” degan soʻzlari meni doim oʻsha soʻzlarni takrorlashdan tiyar edi.

Boʻkada birinchi sinfda oʻqib yurgan kezlarim otam kolbasa olib kelardi. Biz uning qora joylarini yeyardig-u, yogʻini yoqtirmay, terib tashlardik. Shunda onajonim “Shundoq qoʻchqorning naq kart dumbasidan boʻladi bu, nega uvol qilyapsizlar?”, deya bizni koyir va oʻzi ularni terib yeyardi. Keyinchalik katta boʻlganimda “Onajon, esingizdami Boʻkadagi kolbasa?”, deganimda, onam “Voy oʻlsin, men qaydan bilay, qoʻchqorning dumbasi deb oʻylardim-da…”, degan edi. Bizdan biror narsada norozi boʻlsa, “Hali otanglar kelsa, barini aytib beraman”, desa boʻldi, oʻsha kuni uyquga barvaqtroq yotib olardik. Lekin biror marotiba ustimizdan otamizga shikoyat qilganini eslay olmayman.

Toʻrt yoshlarimda ogʻir kasal boʻlib yotib qoldim. Onam qayerdandir bir joʻja xoʻroz keltirib uni men uchun tayyorlay boshladi-da, “Oʻziyam xil-xil boʻlib pishibdi-da goʻshti”, deya ishtahamni ochishga urinardi. Oʻshanda men bir necha kun tuzukroq ovqatlanmagan, bundan onam tashvishga tushgandi. Tovuq shoʻrva pishib, endi uni suzib keltirmoqchi boʻlib turganida otam kelib qoldi-da, “Mehmon bilan keldim, nima bor yeyishga?”, deb soʻradi hamda joʻjaxoʻrozning goʻshtini chiqarib berishni tayinlab, chiqib ketdi. Onam darrov shoʻrvaning goʻshtini chiqarib, mehmonlardan xotirjam boʻlib, yana oldimga keldi-da, “ E, u goʻshtda nimayam maza boʻlardi, mazasi mana bu shoʻrvaga chiqib boʻlgan. Sen bu shoʻrvadan bir ichgin-a, oh-oh, qara naqadar mazali…”, deya menga bir kosa shoʻrvani ichirgandi. “Bilasanmi, bir odam kasal boʻlgan ekan, hamma dori-darmonni qilib koʻrishibdi, lekin u dorilar bemorning dardiga shifo boʻlmabdi hamda qazo qilibdi… Qazo qilgan odamning qornini yorib koʻrishsa, oshqozonining kattagina kosa toʻsib qoʻygan ekan. Bu kosa qanday qilib u odamning qorniga tushib qoldiykin, deya yaxshilab sinchiklab qarashsa, u kosa — oʻsib katta boʻlib ketgan tirnoq ekan. Yaʼni, qazo qilgan odam qachonlardir tirnoq tushgan suvnimi, ovqatnimi qorongʻida yebmi, ichibmi yuborgan-da. Tirnoq ham oshqozondan joy olib, bir chetida sanchilib, oʻsha yerda kattalashib, kosaday boʻlgan ekan. Oʻsha kosani bir gado oʻziga osh-ovqat solish uchun soʻrab olibdi. Odamlar bergan ovqatni shu kosaga quyib, soʻng tanavvul qilar ekan.

Bir kuni bir darvozani taqillatib tilanchilik qilganida, uy egalari uning kosasiga oʻzlari ichib oʻtirgan tovuq shoʻrvadan quyib berishibdi. Tovuq shoʻrva quyilishi bilan shu zahoti kosa erib ketibdi-da, shoʻrvaning qolgan-qutgani yerga toʻkilibdi. Shundan soʻng maʼlum boʻlibdiki, tirnoq yutib kasal boʻlganlar uchun eng yaxshi dori bu tovuq shoʻrva ekan. Gadoyning ham asl maqsadi ushbu dardga nima davoligini bilish boʻlib, shu maqsadda koʻp yillar oʻsha kosada ovqatlanib yurgan ekan. Oʻzi gado boʻlsa-da, hamyurtlariga boʻlgan muhabbati, sadoqati yuksak ekan…”.

Bu hikoyani onamdan eshitar ekanman, bir kosa tovuq shoʻrvani ichib boʻlgach, “Yana bormi?”, deya soʻraganim yodimda. Bu soʻzlarimdan soʻng onamning chehralarida paydo boʻlgan tabassum bir umr koʻz oldimdan ketmaydi…

Biroz sogʻayib, boshlaganimdan soʻng onajonim qoʻlimdan ushlab, yetaklab xovlimizni aylantirarkan, koʻzim daraxtdagi qip-qizil chiroyli olmalarga tushdi-da, “Olma-a-a”, dedim qoʻlimni choʻzib. Shunda onajonim “Olma olib beraymi?”, degan edi, men boshim bilan ha, deb ishora qildim. Onam olma shoxini egib, ikki dona meva uzib, menga keltirib berdi. Onajonim olma uzayotganida, koʻzlarim olazarak boʻlib, “Opoqdadam koʻrib qolmasa edi”, deya xavotirlangan edim. Opoqdadamning onamga biror marotaba qattiq gapirganini bilmayman, lekin u kishidan hamma qatori men ham hayiqar edim…

Oʻsha kuni kechga tomon otam ishdan qaytdi. Onamga qogʻozga mahkam oʻralgan bir narsani uzatdi-da: “ Bu mendan sizga sovgʻa. Qoʻyliq bozorini kesib uyga kelayotsam, bir odam ayni siz xohlagan yaxshigina bir pal’toni ushlab turgan ekan. Choʻntagimdagi pul yetadigan qilib biroz savdolashgan edim, rozi boʻla qoldi. Koʻringchi, koʻnglingizga oʻtiradimi?! Boyagi boyaqish odam edi. “Uch kundan buyon tuz totganim yoʻq”, deganiga uyga boshlab kelgandim. Yaxshi boʻldi-da, issiq ovqat, issiq choy-non berganingiz”, dedi. Onam oʻramni xursand boʻlib ocha boshladi, lekin undan nuqul qogʻoz chiqardi. Nihoyat bir xom gʻisht chiqdi. Pal’todan darak boʻlmadi. Hammamiz jim boʻlib qoldik. Shunda onam: “Qoʻyavering adasi, eng keragi, mehr va eʼtiboringizni his qildim. Pal’toyam olarmiz”, dedi. Bu soʻzlardan soʻng hammamiz yengil tortdik.

Onam maktabda 4-sinfgacha oʻqigan, xolos. Oʻzi asli 1920 yili Jongop mahallsida tugʻilgan. Oʻn bir yoshlarida, qish payti oʻsha mahalla suv ichadigan ariqdan obkashda suv olib chiqayotganida sirgʻanib ketib, qoʻlini sindirib olgan ekan. Buvam Mir Arab madrasasida oʻn bir yil taʼlim olgan. Ziyolilarga qatagʻon boshlangan yillari Jangop mahallasidagi uyining eshigini ip bilan mahkamlab, oʻzi dalaga koʻchib ketgan. Dalaga borishsa, u yerning ham oʻz talablari bor ekan. Kolxoz dalasida oila boshligʻi ishlashi shart boʻladi. Buvam-buvim kasalmand boʻlib qolgan. Shuning uchun onam oʻn uch yashar boʻlsa-da, oila boshligʻi boʻlib, chopiqqa chiqa boshlaydi.

Hammadan avval — erta togʻdan dalaga chiqadi. Ot qoʻshilgan omoch bilan, yer haydaganida, omochni yerga botirish uchun uning ustiga yigʻlab yotib olarkan… Onamning mehnatsevarligini koʻrib, kolxoz raisi onamni kooperativ bilim yurtiga oʻqishga joʻnatadi. Oʻshanda chit ham, satin ham boʻlmagani sababli buvim doka sotib olib, ikki qavat qilib undan onamga koʻylak tikib beradi, oʻqishga joʻnatadi. Oʻqish olti oy davom etadi. Oʻqishga kelgan boshqa qizlar kino koʻrgani borsa, onam ularga ergashmay, dars qilarkan. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlab, katta bir doʻkonda (univermag) sotuvchi boʻlib ishga kirgan. Turmushga chiqqanidan soʻng yangi oila Qoʻyliqqa yaqin joyga koʻchib boradi. Onam turmushga chiqqanidan soʻng besh yil farzand koʻrmaydi. 1943 yili katta ammam onamni bir eshakaravaga oʻtqazib, Zangiotaga olib borib, tabarruk joyda Ollohdan farzand ato qilishini soʻraydi. 1944 yili akam tugʻiladi, 1946 yili men. Soʻngra ota-onam yana toʻrt farzand koʻradi.

Qoʻyliq yonidagi hovliga koʻchib borilgach, non doʻkoni onamga topshiriladi. Koʻp oʻtmay urush boshlanib, nondan aziz narsa boʻlmay qoladi. Hamma yerda ocharchilik, qahatchilik. Onam oʻsha doʻkonda ishlagan kezlari har kuni bir aravakash bilan non olib kelgani tegirmonga borar ekan. Nega novvoyxonaga emas bilmadim. Balki tarozi tegirmonda boʻlgandir. Onam non olib kelgani ketayotganida, har kuni uni 50-60 samarskiy oʻrab borar ekan. (samarskiylar — harbiy xizmat yoshiga yetmagan, koʻpchiligi yetim-esir oʻspirin bolalar). Tegirmonda nonni oʻsha bolalar aravaga ortisharkan. Soʻng yana aravani oʻrab olib, non doʻkonigacha kuzatib kelarkan. Keyin yana qoʻlma-qoʻl qilib nonni doʻkonga tushirishar ekan.

Onam tegirmonga borib, aravada non keltirib yurgan kezlari gʻildiragiga tosh kirib arava agʻdarilib ketadi. Oʻshanda yer bilan bitta boʻlib sochilib yotgan nonning barini bolalar bitta qoldirmay terib, aravaga joylaydi. “Oʻshanda bittayam non yoʻqolmagan edi”, deb onam oʻsha bolalarni minnatdor boʻlib eslardi. Non olgani kelgan xaloyiq doʻkondan oʻn metrcha narida, samarskiylardan hayiqib, sabr qilib turarkan. Onam doʻkonning darchasini ochgach, eng avval haligi samarskiylar navbati bilan darchaga kelar ekan. Onam ikki-uchta, har biri 6 kg li nonni burdalab oʻsha bolalarga berar ekan… Soʻngra haloyiq navbati bilan non olarkan.. ulardan soʻng 50-60 nafar gadoylar navbati bilan kelarkan. Ularni har birini qoʻliga bir burda nonning ustiga oyogʻi ostiga tushgan non ushoqlaridan bir xovuch solib uzatarkan…

Onam bir kuni ishdan qaytib kelsa, akam isitmalab qarovsiz yotgan ekan. Bu holga chiday olmay, bolalarini koʻzi qiymay, doʻkondan voz kechadi. Buni qarangki, shuncha odamga non tarqatgandan soʻng ham yana bir nechta non doʻkonda qolar ekan… Ularni yarim kechasi hovlimizdagi oʻspirinlar uyimizga keltirishar ekan. Oʻsha yillari hovlimizda eri urishga ketgan koʻpgina qarindoshlarimizning xotinlari, bola chaqasi yasharkan. Onamning, “Bir oʻrin solganda, oʻttiz jonga oʻrin solardik, bir kir yuvganimda, oʻn kirsovunda kir yuvardim”, degani yodimda…

Onamga yarim hazil, yarim chin: “Onajon, non doʻkonda ishlagan kezlaringiz tarozidan urarkansiz-da, boʻlmasa, nonni qanday qilib hammaga yetkazardingiz va yana ortib qolardi?”, desam, “Yoʻq, yoʻq, oʻgʻlim, sira tarozidan urmasdim. Xudo oʻzi barakasini berardi. Tarozidan urish u yoqda tursin, hovuchini toʻldirib tilla taqinchoqlar bilan kelganlarning ham yuziga qaramasdim”, deb javob berardi. Men gapni choʻzib oʻtirmasdim.

Olti farzand yeymiz, ichamiz, kiyamiz degan yillari onam ishlamas, otamning ishi orqaga ketgan, maoshi bor-yoʻgʻi 75 soʻm edi. Oʻshanda “Onajon, bir hovuch tilla taqinchoqni nega olmagansiz? Endi kerak boʻlayapti”, derdim. Shunda onam “U paytlari kimning koʻngliga sigʻardi u taqinchoqlar. Hamma jonini asrash bilan ovora edi”, derdi. Oʻsha qiyinchilik yillari koʻpincha otamiz non uchun choʻntaklarini kavlay-kavlay, axiri, bir soʻm topib, ishga ketish oldi onamga berardi. Qolgan ozuqalar shunga yarasha boʻlardi, albatta. Eng qizigʻi, toʻpolon qilsak yoki biror tengdosh bolaga bir-ikki musht tushirsak, qoʻni-qoʻshnilar bizni “boylar” deb atardi. Demak, bizdan ham nochorlar koʻp boʻlgan ekan-da oʻsha davrda. Biz qoʻshnilarning bu gapini onamga yetkazsak, u kishi “Ha, albatta, boysizlar-da, ikki buvangiz, ikki buvingiz, ota-onangiz bor. Sizlardan boyroq yana kim bor”, deb qoʻyardi…

Onam kamdan-kam hollarda boshqalardan, qarindosh-urugʻdan ranjib gapirardi. Otamning toʻngʻich togʻasi xotinidan ajralgan boʻlib, bizning hovliga bogʻlanib qolgan ekan. Urush yillari ishchi batal’onda xizmat qilib, har yakshanba biznikiga kelarkan. Ust-boshini yillar davomida onam yuvarkan. Ayniqsa, loy, moy boʻlib ketgan toʻnini yuvish ogʻir kelarkan. Onam toʻnni har yakshanba necha bor sovunlab, tepkilab-tepkilab yuvib boʻlgach, dorga yoyib qoʻyarkan. Ertasiga yumshoqqina boʻlgan toʻnni togʻamiz kiyib ketarkan.

Onam xoʻja qizi boʻlgan. Bir safar nima sababdandir yakshanba kuni uyda boʻlmagan. Togʻamizning toʻnini kenja togʻaning xotini yuvib, dorga iladi. Erta bilan katta togʻamiz ishga ketar oldi kiyay desa, toʻn tarashadek qotib yotganmish. Shu payt onam kelib qoladi. Katta togʻamiz “ Tohiraxon, men bu toʻnni qanday qilib kiyay? Kesib yuboray deyapti-ku badanimni!” degan. Shunda onam bir qultim suv ham ichmay, darrov toʻnni olib boshqatdan necha bor yuvib, yaxshilab siqadi. Tezda quritish choralarini koʻrib, yumshoqqina toʻnni kiydirib yuboradi.

Buni qarangki, zamonaning zayli bilan oradan 25 yil oʻtib, u paytlari xonadonlarda telefon boʻlmas edi, xotinim pochtaga borib, ilmiy rahbariga qoʻngʻiroq buyuradi. Kutib oʻtirganida, oʻsha togʻamizning keyinchalik uylangan xotini ham kelib qolib, undan-bundan gapirib oʻtirib: “Ehtiyot boʻling, qaynonangiz yaxshi ayol emas. Koʻrkamgina ekansiz, mundoq soʻrab-surishtirmay tegib ketavergan ekansiz-da”, deydi. Xotinim uyga kelgach, menga: “Bilasizmi, falon qarindoshingizning xotini sizlarni yoqtirmas ekan, menga onamizni undoq-bundoq deya gapirdi. Ehtiyot boʻling u ayoldan”, deb qoʻydi. Men u ayolning biznikiga biror marotaba kelganini eslay olmayman. U ayolga nisbatan keyinchalik sirayam iliqlik sezmadim. Biz, albatta, bu gaplarni onamga aytib oʻtirmadik. Men ayolidan koʻra koʻproq togʻamizdan ranjidim. Yillab u kishining kirlarini yuvib, issiq-sovugʻidan xabar olib turgan onamni nahot bir ogʻiz soʻz bilan xotini oldida minnatdor boʻlib eslamagan, alqimagan…

Onam qaynota-qaynonasini doim ulugʻlab, minnatdorlik bilan:

— Men oʻn yetti yil ularning xizmatini qildim, deya faxrlanib eslardi. — Katta buving hovlimizda ikkimizdan boʻlak hech kim qolmaganida, boshlaridan oʻtgan ogʻir kunlarni yigʻlab-yigʻlab menga aytib berardi.

“Mirzachoʻlga borganimizda, oʻsha yerda yashab turgan Pasixiddin aka deganning molxonasini oʻzimizga turar joy qilib olganmiz. Osh-ovqatdan qiynalardik. Besh yashar Habibullo ismli oʻgʻilchamni katta ukam oʻsha yerlik bir boynikida yashab, osh-ovqatini yeb, xizmatini qilib yurishi uchun eltib berdik. Ertasi sahar payti Habibullo boynikidan qochib keldi, endi qaytib bormayman, dedi. Shunda katta ukam uning orqasiga bir-ikki musht tushirgan edi, qon qusib yubordi… Voy, bolaginamdan ayrildim, deya men unga tashlanib, bagʻrimga bosib oldim. Ukamning keyingi mushti mening orqamga tushdi. Uch kun oʻtgach, Habibullodan ajrab qoldik”, deya hoʻng-xoʻng yigʻlardi”.

Biz 1955 yili alohida hovliga koʻchib oʻtdik. Natijada katta buvim sirdoshidan ayrildi. Albatta, onam biror bahona bilan u kishini koʻrgani borib turardi. Lekin katta buvimning atrofida doim odamlar gavjum boʻlardi. Bu holat oʻzining natijasini koʻrsatmay qolmadi. Hech kim bilan yillab dardlasha olmay qolganidan soʻng katta buvim ogʻir kasal boʻlib qoldi. Jarrohlik amaliyoti unchalik muvaffaqiyatli oʻtmadi. Katta buvimni kasalxonadan olib kelib, uyda parvarishlashdi. Yonidan odam arimadi. Onam u hovliga borsa-da, katta buvim bilan hamsuhbat boʻlishga emas, balki kir-chirini yuvishga borardi. Buni koʻringki, bir uy mehmonlarning birortasi katta buvimning usti-boshini toʻshagini almashtirgach, u kir-chirlarga qaramasdi, bir yerga toʻdalab qoʻyishardi, onam kelgach u kirlarni yuvar, quritib dazmollab oydek qilib qoʻyardi. Bu holat bir yilcha davom etdi. Onam kechgacha oʻsha hovlidan xizmatlarni qilib qaytar payti u yer, bu yerda qolgan burda nonlarni, osh-ovqatni bir tugun qilib bizga olib kelardi. Biz esa ur-yiqit bilan oʻsha osh-ovqatni yerdik. Katta buvim joni uzilishini sezganidan soʻng hamma bolalarini, nabiralarini, kelin-kuyovlarni, yaqinlarini bir-bir chaqirtirib, vidolashgan. Eng soʻngida katta buvim “Kirlarimni kim shu kungacha yuvib turdi?”, deb soʻraydi. Onajonim kirib borganida, yelkalarini silab, rozi-rizolik soʻrab, uch soʻm pul beradi. (Ushbu voqealar 1959 yil boʻlgan).

Bolaligimda qoʻlimga sobiq ittifoqning uch soʻm puli tushib qolganidan quvonib oʻpib qoʻygan edim, onam “Oʻpma pulni. Bilsang, undan harom narsa boʻlmaydi, uni har kim ushlaydi, har yerda yotadi”, dedi. Shu-shu, pulga sal irgʻanib qaraydigan boʻldim. Zamonaning zayli bilan yurtimiz mustaqil boʻldi. Oʻzbekiston oʻz pul birligini joriy etdi. Men oʻsha puldan bir dastasini onamga olib bordim. Onam pulni oʻpib qoʻydi. Shunda men “Onajon, yodingizdami, puldan harom narsa boʻlmaydi, uni oʻpmagin, degandingiz. Oʻzingiz esa bu pullarni oʻpdingiz”, dedim. Shunda onam “Bu oʻzimizning mustaqil yurtimizning puli. Bu pullarni koʻrishga orzumand boʻlib qancha buyuklarimiz oʻtib ketgan. Koʻzinga surtsang arziydi bu pullarni”, dedi. Men onamning donoligiga oʻshanda yana bir bora amin boʻlganman.

Birga tugʻilmoq bor, birga turmoq yoʻq, deydi dono xalqimiz. Zamonaning zayli bilan 1982 yili bizga Qoraqamishdan uy tegdi. Oradan ikki yil oʻtib, Toshkentning naq markazidagi — hozir yashab turgan uyimizga koʻchib keldik. Onam oʻsha yili bir-ikki marta biznikida mehmon boʻlgan edi. Baʼzan osh damlab turganimizda, uni onam bilan birgalikda yegimiz kelib qolardi. Taomni qozoni bilan oʻrab-chirmab bolalarimiz bilan onamiznikiga joʻnardik.

1984 yildan 1985 yilga oʻtar kuni, Yangi  yilni birga kutib olish uchun qaynonamni Soyliq qishlogʻidan olib keldik. Birinchi yanvar kuni erta bilan 85 yoshga kirgan qaynonam menga “Endi, bolam, bir moshinani ushlasangiz-da, qudamlarni koʻrib kelsam”, deb qoldi. Shunda men u kishiga “Bugun bayram. Hamma haydovchilar hozir uxlab yotibdi. Qarang, qor qalin. Uxlamagandayam bu sirpanchiqda mashina haydamaydi”, deya derazadan katta koʻchani koʻrsatdim. “Mana shu stulda oʻtirib oling, biror mashina koʻrinsa, menga aytarsiz. Shunda pastga tushib, mashina ushlashga harakat qilamiz”, dedim. U kishi ham “Xoʻp”, deya stulga oʻtirdi. Bir zamon “Ana, ana, bir mashina oʻtyapti”, dedi. Endi noiloj edim. “Xoʻp, boʻlmasa, otlanavering, hozir yoʻlga chiqamiz”, dedim. Kiyindim. U kishi ham yoʻlga shay boʻldi. Koʻcha eshigi tomon yura boshlagan ham edik-ki, qoʻngʻiroq jiringlab qoldi. Borib eshikni ochdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, boʻsagʻada onajonim kichik ukam bilan turardi…

Amerikaga ketish uchun ikki hamrohim bilan aviabilet olib qoʻygan edik. Safar oldidan sal avvalroq onajonimning oldiga borib, yuzlaridan oʻpib xayrlashdim. Odatda, onam men bilan xayrlashgach, koʻzlari bilan kuzatib qoʻyar edi. Bu safar xayrlashib boʻlganimdan soʻng koʻzlarini yerga tikib turdi. U kishidan uzoqlashib borar ekanman, ikki-uch bor ortga qarasam-da, koʻzim koʻzlariga tushmadi. Koʻnglim biroz noxush holda uyga joʻnadim. Erta bilan safar harakatini boshladim. Oʻsha kuni Islandiyadagi Eyyafyad-layyokyudl vulqon kuchaygani tufayli, koʻplab samolyotlar qatori biz uchadigan samolyotning parvozi ham toʻxtatilgan edi. Uch hamroh yugur-yugur qilib, biletlarimizni boshqa kungi biletga almashtirib oldik. Oʻsha kuni kechga tomon toliqib uyga kelib ham edimki, akam qoʻngʻiroq qilib, onamizning ahvoli yomon, deb qoldi. Darrov yoʻlga chiqdik. Onam yotgan xonaga kirib borsam, joni uzilgan ekan… Bagʻrimga bosib, peshonasidan oʻpdim. Peshonasi hali issiq edi…

Fotihani oʻtkazib boʻlgach, uchinchi kuni aka-ukam, singlim bilan kengashdik. Shunda men “Bir moʻʼjiza boʻldi bu vulqonning otilishi. Boʻlmasa, Amerikaga uchib ketgan boʻlardim. Onajonimning tobuti, janozasi menga buyurmay qolishi mumkin edi. Endi safarga bormasam boʻlmas. Hamrohlarimning koʻngli ogʻrib qoladi. Onamning “yigirmasi”ni mensiz oʻtkazasizlar-da, mana bu pullar harajatlarga”, deya pulni singlimga bera boshlagan edim, u yigʻlab yubordi…

Amerikada turib yaqinlarimga qoʻngʻiroq qilib, gaplashib, hol-ahvol soʻradim. Oradan oʻn besh kunlar oʻtgach, onam tushimga kirdi. “Bir echki soʻyib, qon chiqarib yuboringlar”, dedi. Men uyga qoʻngʻiroq qilib, xotinimga bir jonliq soʻyib, qon chiqarib yuboringlar” dedim-u, vahima qilmasin deya tushimni aytib oʻtirmadim. Shunda xotinim “Singlingiz indinga uyida qaynonamning “qirqi”ni qilayapti, shunga bir qoʻchqorni qassobga soʻydirib, qon chiqaramiz-da goʻshtini oʻsha marakaga yetkazamiz. Hammaning ogʻzi tegadi”, dedi. Koʻnglim taskin topdi. Oradan uch kuncha oʻtib onam yana tushimga kirdi. Ustida moshrang uzungina koʻylak, boshida qush suratli moshrang roʻmol. Mendan oʻn besh metrlar narida — chiroyli manzarali joyda qoʻllarini qovushtirgan holda tabassum qilib turardi. Mana, oʻshandan beri sakkiz yil oʻtdi. Men onamni boshqa biror marotaba tushimda koʻrmadim.

Mansurxon TOIROV.

“Maʼrifat” gazetasi, 2019 yil, 27  va 30 mart


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.