18 +  RSS  E-mail
12:56, 20 04 2019

Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazing!


Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi hamda mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab berilgan.

Mulk huquqining obʼektlari hisoblangan koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatdan oʻtkazish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 29 dekabr kuni 1060-son bilan “Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni Davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan “Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy vazifalar belgilab berildi:

Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning yagona qoidalarini belgilash;

Yuridik va jismoniy shaxslarga Davlat reyestri maʼlumotlaridan erkin foydalanish imkoniyatini berish;

Yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida vakolatli organlar oʻrtasida axborot-kommunikatsiya maʼlumotlar almashinuvini joriy etish;

Qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

Koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarning Davlat reyestridan elektron koʻchirmalar berish.

Shuningdek, mazkur qarorda  koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestri  yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqlari haqidagi axborotning rasmiy manbasi hisoblanishi, bu axborotning ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanishi hamda Davlat reyestridan elektron shaklda berilgan, shuningdek, qogʻozda berilgan koʻchirmalar teng yuridik kuchga ega ekanligi belgilab berildi.

Mazkur Nizomda koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi belgilangan. Unga koʻra koʻchmas mulk obʼekti mulkdorlari yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga oʻtgan, cheklangan yoki bekor boʻlgan yoki koʻchmas mulk obʼektining huquqiy holati oʻzgargan kundan boshlab bir oy muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ  (Yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman (shahar)dagi filiallari) ga huquqni belgilovchi hujjatlarni ilova qilgan holda koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida ariza bilan koʻchmas mulk joylashgan joydagi Davlat xizmatlari markazlariga  yoki Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali vositasida, garov xati rasmiylashtirilganda esa — koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga murojaat qilishlari koʻrsatilgan.

Markaz ariza toʻldirilgandan keyin bir soat mobaynida uni koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradigan organga yuboradi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda asos boʻluvchi hujjatlarni oʻrganadi hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni hujjatlar kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki ish kuni davomida davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.

Shuningdek, ayrim hollarda, taqdim etilgan hujjatlarda texnik tusdagi ahamiyatsiz kamchiliklar mavjudligi yoki qoʻshimcha hujjatlar talab qilinsa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi roʻyxatdan oʻtkazishni uch kungacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida bir kun mobaynida qaror qabul qiladi va qarorni  tuman (shahar) markaziga yuborilishi, markazning masʼul xodimi tomonidan bu haqida yuridik yoki jismoniy shaxsni bir soat mobaynida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda hujjatlarni taqdim etish haqida xabardor qilinishi belgilab qoʻyilgan.

Bundan tashqari, xabarnomada koʻrsatilgan kamchiliklar xabar berilgan paytdan boshlab uch ish kuni mobaynida bartaraf etilmagan boʻlsa, davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ ikki ish kuni mobaynida koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda markazni yozma ravishda xabardor qiladi.

Agar, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, ariza ilovalari bilan birga u kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron xat koʻrinishda Markazga, yuridik yoki jismoniy shaxsga qaytarish uchun yuborilishi belgilangan.

Shuningdek,koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tegishli huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi elektron koʻrinishdagi Reyestrdan koʻchirmani markazga  joʻnatadi, markaz esa reyestrdan koʻchirmani olgandan soʻng bir soat ichida uni yuridik yoki jismoniy shaxsga elektron shaklda yuborilish koʻrsatilgan.

Mazkur qarorning qabul qilinishi, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yuridik va jismoniy shaxslarning, jumladan bitimlar asosida yuzaga keladigan koʻchmas mulk obʼektlariga boʻlgan huquqlarining vujudga kelishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishini (yuklanishini), bekor boʻlishini tan oladigan hamda tasdiqlaydigan huquqiy hujjat siftida nomoyon boʻldi.

A.ISTATOV,

Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi bosh yuriskonsul’ti.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.