18 +  RSS  E-mail
13:01, 20 04 2019

Doʻstlikdagi arzon uy-joylar muammosi yechimini topmadi


Jizzax viloyatining Doʻstlik tumani Mevazor massivida yashovchi 32 xonadonli uylar vakillari Jizzax telekanaliga shikoyat arizasi yoʻlladi.

Unda taʼkidlanishicha 2017 yilning noyabr oyida qurilish ishlari yakunlanishi belgilangan ikki qavatli arzon uylarning taʼmirlash ishlari hamon paysalga solinmoqda. Telekanal muxbiri Nabijon Ergashev ushbu ariza yuzasidan Doʻstlik tumanida boʻlib u yerdagi kamchiliklarni oʻrganib qaytdi.

Arizada qayd etilganidek Doʻstlik tumani, Mevazor massivida kam taʼminlangan, uy-joyga muxtoj nogironligi boʻlgan fuqarolarga hamda yolgʻiz onalar va boquvchisini yoʻqotgan ayollar uchun 2017 yilning fevral oyida qad rostlagan ikkita 2 qavatli arzon uy-joylarning bugungi holati koʻzdan kechirilganida haqiqatdan ham kamchiliklardan xoli emasligi koʻzga tashlanadi. Fuqaro Oʻtkir Usmonov qator yillar ijarada yashashdan charchagan.

Shu boisdan ushbu uydagi bitta xonadon unga ajratilgan zahoti oilasi bilan darhol koʻchish harakatiga tushdi. Oʻzi boʻladimi shuncha vaqt kimlarningdir qosh-qovogʻiga qarab yashashni. Endi ogʻzi oshga yetdi deganda uning quvonchi koʻpga choʻzilmagani oydinlashdi.

Bugungi kunda qurilishi yakunlanmagan uylardagi 32 xoʻjalikdan 14 tasiga Oʻtkir Usmonov kabi fuqarolar koʻchib kelib yashashmoqda. Ularning soʻzlariga qaraganda 2 qavatli uylarning birortasi ham na tabiiy gaz, va na ichimlik suvi, isitish tizimi, kanalizatsiya tarmoqlariga ulanmagan. Natijada oshxonadan, hojatxona hamda hammomdan chiqayotgan iflos suvlarning badboʻy hidi uyga uradi. Oqova suvlar usti ochiq handaqlarga chiqarib qoʻyilgani bois bu atrofda nafas olishning umuman iloji yoʻq. Aholi kunlar isishi bilan turli kasalliklar qoʻzgʻalishidan havotirda.

Ushbu masala yuzasidan “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi Jizzax mintaqaviy filialining bosh mutaxassisi Otabek Qoʻldoshevga murojaat qilindi.

— Bu muammoning kelib chiqishiga sabab ushbu uy-joylarni qurish uchun Doʻstlik tuman hokimligi tomonidan ajratilgan yerlar sizot suvlari yaqinligi tufayli kelib chiqdi. Qurilish ishlarini oxiriga yetkazish uchun yer ishlarini boshqa hududda amalga oshirishga majbur boʻldik. Qurilish ishlari “Silver Fortuna” MChJ tomonidan amalga oshirilgan va toʻliq yakunlanmagan. Shu sababli qurilish firmasiga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi ochilib, sud hukmi qabul qilindi. Hozirda yangi pudratchi tomonidan qurilish ishlari olib borilyapti. Qolgan kamchiliklar ham 2019 yil 15 aprelga qadar bartaraf etilib, qabul qilish dalolatnomasi asosida topshirish belgilab olingan.

Bosh mutaxasis Otabek Qoʻldoshevning bu gaplari haqiqatdan ancha uzoq ekanligi maʼlum boʻldi. 18 aprel sanasi boʻlsada vaʼda bajarilmay qoldi. Aholi esa muammolar yechimini kutib yana qayerga murojaat etish toʻgʻrisida bosh qotirmoqda.

Bu borada tuman hokimligi mutasaddilarining javobini kutamiz.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.