18 +  RSS  E-mail
14:50, 16 04 2019

Zominda 136 million yevrolik zavod qurilmoqda


Oʻzbekiston Prezidentining tumanlar markazlarini obod qilishga qaratilgan tashabbusini Jizzax viloyati, Zarbdor tumani aholisi ham katta xursandchilik bilan qabul qilib, faol qoʻllab-quvvatlamoqda.

Birinchi navbatda, tuman markazining zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga javob beradigan bosh loyihasi ishlab chiqildi. Bunda yangi uy-joylar barpo etish, mavjudlarini taʼmirlash, bugungi taraqqiyot darajasiga monand ijtimoiy soha obʼektlari, yoʻllar va piyodalar yoʻlaklari, aholiga xizmat koʻrsatish va dam olish maskanlari tarmoqlarini yuzaga keltirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash ishlariga kirishilgan.

Tuman markazidagi shoh koʻcha — Mustaqillik koʻchasi tom maʼnoda qurilish maydoniga aylangan. Loyiha asosida bu koʻcha kengaytirilmoqda. Yoʻl boʻyidagi oʻz umrini yashab boʻlgan eski turar-joylar, savdo nuqtalari olib tashlanib, yigʻilib qolgan chiqindilar hududda olib chiqib ketilmoqda. Mazkur koʻcha hamda markazdagi koʻp qavatli uylar atrofida hech qanday rejasiz qurib tashlangan qurilmalar bartaraf etilib, hudud toʻliq tozalandi. Yana bir necha oydan keyin Mustaqillik koʻchasining ikki tomonida zamonaviy savdo markazlari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari paydo boʻladi.

Hududda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida yangi tarmoqni tortish, mavjud quvurlarni rekonstruktsiya qilish, yangi quduqlar barpo etish va mavjudlarini taʼmirlash belgilangan.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 ta maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etilishi, tibbiyot birlashmasi, 1-sonli bolalar bogʻchasi kabi bir qator ijtimoiy muassasalar binolari yangi koʻrinishga ega boʻlishi ham aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

Eski Boʻston aholi maskanida 500 ish oʻrniga ega boʻladigan tikuvchilik korxonasi qurilishi olib borilyapti. Mazkur korxonada asosan shu yerda yashovchi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ish bilan band boʻladi. Tumandagi xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi eng yuqori boʻlgan  “Sharq yulduzi”, “Taraqqiyot”,  “Yangikent”,  “Oqar” qishloqlarida Mirzachoʻl tajribasi asosida 250 ish oʻrniga ega boʻlgan 4 ta tikuvchilik tsexi tashkil etiladi.

Jizzax viloyatning katta salohiyatga ega tumanlaridan biri Zomindir. Tumanda Turkiya texnologiyasi asosida bir kunda 400 metr kub oqava suvni zararsizlantirish hamda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanishga yoʻnaltirishga moʻljallangan suv tozalash inshooti qurilishning birinchi bosqich ishlari yakunlandi.  “Bioland” suv tozalash inshooti yaxshi samara berishi bilan birga, atrof-muhitga bezarar ekani bilan ham alohida ajralib turadi.

Zomin tumanida aholi uchun qulay muhit yaratish bilan birga, bandlikni taʼminlash, hudud ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida yirik quvvatli zavod va korxonalar tashkil etishga ham katta eʼtibor berilayapti.

Misol uchun, Dashtobod shaharchasida uzoq yillar boʻsh yotgan 40 gektar yerda barpo etilayotgan  “Zomin-tsement” korxonasi shaharchadagi ilk sanoat korxonasi boʻladi. 136 million 700 ming yevro qiymatidagi mazkur noyob loyihaning amalga oshirilishi 400 dan 700 markagacha boʻlgan yuqori sifatli tsement ishlab chiqarish imkonini beradi.

Tartibsiz, eski, suvogʻi koʻchgan 79 ta uy koʻcha boʻyini toʻldirib turgan Qorasoch Otaqulova koʻchasida ham bunyodkorlik ishlari boshlangan. Ixcham, zamonaviy 92 ta uy shu yilning oʻzida qurib bitkaziladi, bundan tashqari zamonaviy bozor, 50 oʻrinli mehmonxona, minimarket, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari hamda tikuvchilik majmuasi ishga tushiriladi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.