18 +  RSS  E-mail
15:08, 16 04 2019

Ochkoʻzlik


Tovuq katagining burchagidan alohida pana qilib toʻsilgan nim qorongʻi joyda tuxumlarni bosib yotgan kurk tovuq deyarli yemas, ichmas… ikki-uch kunda bir dunyoni buzgudek ovoz bilan qaqagʻlab tashqariga chopib chiqar, oʻn-oʻn besh soniya shu holatda turib, yana ichkariga uchib kirib ketardi. Shu alfozda ikkinchi hafta oʻtib borardi.

Tovuqning holidan xabar olib yurgan yigit oxirgi marta kirganida koʻrdiki, tuxumlarning ayrimlari darz keta boshlagan. Demak, joʻjalarning yorugʻ dunyoga kelish fursati yetgan. Yigitning diliga shayton gʻulgʻula soldimi, hayolidan: “Tovuq kurk boʻlib turgan paytda yana oʻn-oʻn beshta joʻja ochirib olsam-chi!” degan gap oʻtdi va uyidan savatchada tuxumlar olib chiqdi.

Ona tovuqning tashqariga chiqib ketishini poylab turdi-da, oʻsha paytda ichida mitti jonlar betoqat boʻlayotgan tuxumlarni yigʻishtirib olib, oʻrniga haligi tuxumlarni qoʻyib chiqib ketdi.

Ona tovuq shitob bilan qaqagʻlab kirdi va tuxumlarni bagʻriga olib yotdi. Hozirgina issiqqina boʻlgan tuxumlar nima uchun muzdekkina boʻlib qolganini sezdimi, yoʻqmi…

Tuxumlarni astagina sindirib ichidan joʻjalarni chiqarib olgan yigit tovuqxonadan doim xabardor edi.

Tonglar otib quyosh botar, hafta, oʻn kun… Ozib ketgan ona tovuq har ikki-uch kunda tashqariga qaqagʻlab chopib chiqib kelardi. Muddati yetdi chogʻi, ikkinchi bora qoʻyilgan tuxumlar ham darz keta boshladi va yigit tovuq tashqariga chiqib ketganda issiqqqina, ichidan joʻjalarning mayin “chiy-chiy»lagani eshitilib turgan tuxumlarni shoshilmay yana savatchaga terib oldi. Ularning oʻrniga avvaldan tayyorlab qoʻyilgan sovuq tuxumlarni joylashtirdi, tashqariga chiqib ketishga shoshilmadi, chunki endi ona tovuqning avvalgi shaxdu shiddati yoʻq edi — uzuq-yuluq qaqagʻlab kirib keldi va yangidan qoʻyilgan tuxumlarni bosib yotdi.

Kecha ona tovuqning bagʻridan oʻgʻirlab chiqilgan tuxumlarni yorib, ularning ichidan chiqqan joʻjalarni avvalgilariga qoʻshib xursand yurgan yigit ertalab xabar olgani kirganda, bir siqimgina boʻlib qolgan tovuqning boshi osilib yotardi. Yigit shalviragan qoq suyak jonivorni bir burchakka koʻmdi. Hovli jimjit, nazarida tinmay “chiy-chiy” qiladigan joʻjalar ham ona tovuq ahvolini gʻoyibdan sezib sukut qilishayotgandek edi. Yigit bir-bir qadam bosib ular qamalgan katakka yaqinlasharkan, koʻzi yerda sochilib yotgan mayin patchalarga tushdi. Onasiz — himoyasiz qolgan joʻjalarni mushukmi, itmi yeb ketgandi…

Muxtabar XASANOVA.

“Ona mehri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.