18 +  RSS  E-mail
15:01, 16 04 2019

Inson taqdiri oʻyinchoq emas


— Soʻragan pulingni beraman, iltimos, arizangni qaytarib ol. Shu tarzdagi iltimos va yalinishlarga Gulmira koʻngandek boʻldi.

Salima u bilan vaqt va joy masalasini ham kelishib oldi. Qoʻliga pulni olgancha, yoʻlga otlandi. Aytilgan vaqtda manzilga yetib kelgan Salima unga pulni uzatdi. Tushunmovchilik boʻlganini izohlashga urindi, ammo ularning suhbati boʻlindi. Ichki ishlar xodimlari tomonidan qoʻlga olingan Salimaga qilgan qilmishi qimmatga tushdi. Salimaning pul berib, Gulmiraning ogʻzini yopishga urinishiga aslida boshqa holat sabab boʻlgan edi.  

Voqeaning boshlanishi bundan ikki yil oldin roʻy bergan edi. Salima chet davlatda fohishalik bilan shugʻullanib yurgan tanishi Zaynab bilan telefonda suhbatlashayotgan mahali xonaga Gulmira kirib keladi va ularning suhbatiga quloq soladi.

Ularning muloqoti toʻkin-sochinlik, dabdabali hayot va koʻp pul topish haqida boʻlganligi tufayli Gulmiraning eʼtiborini tortadi, chunki pulga muhtoj boʻlib yurgan mahali ularning bu gaplari uning havasini keltiradi. Qizning bu holati Salimaning ham eʼtiboridan chetda qolmadi. Darrov Zaynabga bu haqda soʻz ochadi. Zaynabga esa shu kerak edi.

Ular yana bir sherigi Durdona orqali Gulmirani BAAning Dubay shahridagi jinoiy sheriklari oldiga joʻnatishadi. Gulmira esa bor haqiqatni u yerga borganida biladi. Fuqarolik pasportini olib qoʻyishib, uni har kuni 15-20 nafar erkak mijozlar bilan jinsiy aloqada boʻlib, fohishalik bilan shugʻullanishga majbur qilishadi. 

Qiyinchilik va ogʻir hayotdan qutilish maqsadida chora izlagan Gulmira bir amallab yurtiga qaytadi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Salimaga  nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab ariza yozadi. Boʻlib oʻtgan  gaplar mana shular.

Inson taqdirini oʻyinchoq deb bilib, undan buyum sifatida foydalanishga uringanlar esa qonun oldida javob berishlariga toʻgʻri keldi.

Dilnura BOBOJONOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.