18 +  RSS  E-mail
11:46, 15 04 2019

Yumshoq qoʻngillik


Qiziga juda qimmatga marjon sotib olgandan keyin rasmiy mashinasiga oʻtirdi. Shu payt haydovchisi telefonda gaplashardi:

— Bolam, Alloh yetkazgunicha doʻkondan nasiyaga olib tur.

(Nima deyishni bilmadim)

30 yil umrini kasalliklar yuqishidan ehtiyot boʻlib, qoʻrqib yashadi. Ayniqsa, saratonga chalingan, deyilganlardan oʻzini olib qochdi. Lekin u avtohalokat sabab vafot etdi.

(Taqdir)

Uylandi. Ayoli yoqmadi. “Sababi nima?”, deb soʻrashdi. “Mahramim haqida gapirmayman” dedi.

Undan ajrashdi. “Nima sababdan?”, deb soʻrashdi. “Zimmamdan chiqqan ayol haqida gapirmayman”, dedi.

(Mardlik)

Faqir 3 ta apel’sin sotib oldi. Birinchisini kesdi. Aynigan chiqdi. Tashlab yubordi. Ikkinchisini ham kesdi. U ham chirigan ekan. Tashladi. Chiroqni oʻchirib, uchinchisini kesdi. Va yedi.

(Baʼzan yashab qolish uchun majbur boʻlamiz)

Poyezdga chiqayotganida oʻng oyoq kiyimi tushib qoldi. Uni olishga ulgurmadi. Chapni ham yechib otdi. Muhtoj kimsa topib olsa kiyar, dedi.

(Yumshoq koʻngillik)

Toʻyga borishdan oldin oilamga bir voqeani gapirib berayotgandim. Ustimga qahva toʻkilib ketdi. Hamma:

— Endi nima qilasan? Kiyimlaringga qara? — dedi.

Faqat onam…

— Bolam, hech narsa qilmadimi? Kuydirmadimi, — deb soʻradilar.

(Jannatim onam)

Shahrimizda ajoyib, mayin yomgʻir yogʻyapti. Boshqa shahardagilar uchun bunday ob-havo yomon boʻlishi mumkin. Sizga goʻzal koʻringan narsa, boshqaga qabih boʻlishi mumkin.

(Farqiga ham oʻrganish kerak)

Doʻst tanlashda eʼtiborli boʻling. Siz janoza namozingizda kimlar saf tortib turishini tanlayotgan boʻlasiz.

Rayhon BADALOVA.

“Rayhon ifori”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.