18 +  RSS  E-mail
11:48, 15 04 2019

Qaynotasidan “oʻch olgan” kuyov


Oʻttiz  uch bahorni koʻrgan bu kimsa — Sh.Q. 2 nafar qo-rakoʻzning otasi edi. U turmush oʻrtogʻi U.A. bilan  oʻzaro kelishmaslik oqibatida ajralishdi. Ikki farzandini koʻzi qiyib ajrashdi-yu boshqa bir ayolga uylanib oldi. Ammo bu ayol bilan ham koʻp yashamadi. “Yaxshisi koʻz ochib koʻrganimdan ayirmasin” degan maqsadda u yana birinchi xotini bilan yarashishga ahd qildi.

Ammo,  U.A. birga  yashaydigan boʻlsa qaynota-qaynonasi bilan kelishini aytganida qizining fikrini ota-onasi ham qoʻllab-quvvatlashdi.  Yigit “mayli, ertaga ota-onam bilan kelib oilamni, farzandlarimni olib ketaman” deb katta vaʼdani berdi-yu qorasini koʻrsatmadi,

Sh.Q. mast boʻlganida qaynotasi uning koʻziga haddan tashqari yovuz boʻlib koʻrinardi. Chumoliga ham ozor bermaydigan Sh.A. kuyovi bilan qizining tinch yashab ketishining tarafdori edi. Ammo, kuyovning nazarida qaynotasi qizini u bilan qoʻshilishiga qarshi turgandek tuyulaverardi…

Qanday qilib boʻlsa ham qaynotamni oʻldiraman-u tinchiyman, degan fikr Sh.Q.ning miyasidan ketmay qoldi. Shu niyatda yaxshilab spirtli ichimlikka toʻydi. Uyida oʻtin chopadigan boltani qoʻliga oldi-da  qaynotasining xonadoniga bordi…

Bir chekkada ancha kutib turdi. Kechki soat oʻndan keyin qaynota qayerdandir kelini va nevaralari bilan keldi-da ularni mashinadan tushirdi. Mashinani garajga kiritib qoʻymoqchi boʻldi. Kelin esa farzandlari bilan ichkariga yoʻnaldi. Sh.A. avtotransportini garajga kiritdi va eshikni qulflayotganida orqadan  urilgan zarbadan yerga yiqildi. Tashqari eshikdan shundoqqina kiraverishda kelin bilan suhbatlashayotgan qaynona qarsillagan ovozni eshitib shoshilib koʻchaga chiqishdi. Ne koʻz bilan koʻrishsinki, oila dargʻasi yerda dumalab yotardi.

Ular oldiniga otaning qon bosimi oshib ketibdi shekilli, degan oʻyda “tez yordam”ni chaqirishdi. Ammo shifoxonada otaning boshiga urilgan  zarba tufayli behush boʻlganligini aniqlashdi.

— Bu kuyovning ishi, — dedi qaynona dargʻazab boʻlib…

Sh.Q. esa qilgʻiliqni qilib, amakisining uyiga bordi va qoʻlidagi boltani uzatib “buni yashirib qoʻying, men qaynotamni oʻldirib keldim, ertaga janozasiga borasiz” dedi. Amakisi uning gaplariga ishonmadi. Chunki yigit koʻpincha yolgʻon soʻzlardi…

Eng achinarlisi, bir begunoh kishi dunyodan  bevaqt ketdi. Kuyovining aqlsizligi, mastligi, oʻylamasdan  ish qilishi hamda qasd tufayli qaynota hayotdan koʻz yumdi…

Begunoh odamning qonini toʻkkan Sh.Q. 13 yil muddatga  ozodlikdan mahrum etildi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.