18 +  RSS  E-mail
12:26, 12 04 2019

XTV oʻquvchilarni ragʻbatlantirishda shaffoflik va adolat mezonlariga amal qilishni taʼminlaydi


Davlatimiz rahbarining 2018 yil, 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirigʻi, shuningdek, “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu yil ilk bor umumtaʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilariga oʻqishda erishgan muvaffaqiyatlari hamda namunali xulqi uchun oltin va kumush medallar beriladi.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etildi.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan hududiy boshqarma boshliqlariga oltin va kumush medallarning berilishida Nizom talablariga qatʼiy rioya etish hamda adolat va shaffoflikni taʼminlash masʼuliyati yuklatildi.

Hududiy boshqarma boshliqlaridan joriy oʻquv yilida oltin va kumush medallarga nomzod oʻquvchilar roʻyxati (buyurtma) olindi va tahlil qilindi.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan 2016-2017 oʻquv yilida 9-sinfni 15950 nafar oʻquvchi aʼlo darajali shahodatnoma bilan tamomlagan (asosiy daʼvogar), 2018 yilning noyabrida bu koʻrsatkich respublika boʻyicha 9538 nafar (6412 taga kamaygan), 2019 yilning fevral oyida esa 7857 nafarni tashkil etib, 1681 taga kamaygan.

Qaror qabul qilinganidan soʻng olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida oltin va kumush medallarga nomzod oʻquvchilar 5638 nafarni tashkil etib, 2219 taga kamaygan.

Ayni vaqtda vazirlik ishchi guruhi tomonidan joylarda oʻquvchi, ota-ona hamda pedagoglar orasida oltin va kumush medallar bilan bitiruvchilarni ragʻbatlantirishda adolat, shaffoflikni taʼminlash yuzasidan keng tushuntirish hamda targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, oltin va kumush medallarga buyurtmalarning haqqoniyligi oʻrganilmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi oltin va kumush medallar bilan oʻquvchilar maʼnaviy ragʻbatlantirilib, oʻqishda erishgan muvaffaqiyatlari hamda namunali xulqi uchun taqdirlanishini, medallarga ega boʻlgan bitiruvchilarga oliy oʻquv yurtlariga kirishda imtiyozlar belgilanmaganligini bitiruvchilar va ularning ota-onalariga, qolaversa keng jamoatchilikka yana bir bor eslatib oʻtadi. Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.