18 +  RSS  E-mail
12:30, 12 04 2019

Sudlanuvchining fikrlari juda antiqa


Oʻttiz yashar bu ayolga jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati Yangiyoʻl tuman sudining hukmiga koʻra 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ushbu jazo shartlilikka almashtiriladi. Unga ikki yil  sinov muddati beriladi. Biroq ushbu sinov muddati yana bekor qilinadi. 

Hukmda tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ijro etishga qaratiladi. Unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinadi. Ammo bu ayol aynan shu paytda xorijda Birlashgan Arab Amirliklarida  migrant sifatida ishlayotgan edi.

Mamlakatimizdagi bagʻrikenglik ifodasini tushunmagan ayol yana oldingi qonunbuzarlikka oʻxshagan jinoyatni sodir  etadi. Xoʻsh, bu kim ekan degan savol tugʻilishi aniq.

M.M. yaxshigina oilaning bekasi edi. Koʻz qorachigʻida bir farzandni ulgʻaytirardi. Uning koʻngliga shayton qutqu soldi. U endi xorijda ishlashni istab qoldi. Ayolning koʻziga jaraq-jaraq pullar koʻrinaverdi…

M.M. fuqarolarning chet elga borish toʻgʻrisidagi qonun talablarini ikkinchi marotaba buzdi. Xorijga chiqish uchun tegishli tartibda ruxsat olmasdan, oʻzining fuqarolik pasportiga chet elga chiqish va kirish ruxsatini beruvchi viza va stiker rasmiylashtirmasdan Birlashgan Arab Amirliklaridan Turkiya Respublikasiga chiqqan.

Sudlanuvchi sudda aybiga iqror boʻldi. U  dastlab Qozogʻiston Respublikasiga ishlab pul topish maqsadida ketganligini, keyin fuqarolik pasportini yoʻqotib qoʻyganligini, qozoq millatiga mansub fuqarolar yordamida chegarani aylanma yoʻllar orqali, yaʼni sim toʻsiqlar tagidan oʻtib Qozogʻistondan Oʻzbekistonga kirib kelganligini bildiradi. Chegaradan noqonuniy yoʻl bilan oʻtganligi uchun chegara xodimlari tomonidan qoʻlga olinganligi, ushbu qilmishi uchun JIB Yangiyoʻl tuman sudining hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanganligi, ammo ushbu jazo shartlilikka almashtirilib, 2 yil sinov muddati berilganligini aytadi.

Mamlakatimizda ayol qadri alohida ulugʻlanadi. M.M. ushbu bagʻrikenglikni toʻgʻri maʼnoda tushunishni istamadi va yana Qozogʻiston Respublikasiga ishlash uchun ketadi. Qozogʻistondan esa yana BAAga yoʻl oladi.  Birlashgan Arab Amirligida ishlayotgan paytida bir doʻstidan uni qidiruvga berishganligini eshitadi va zudlik bilan ortiga qaytishga harakat qiladi. 

M.M. 2 yil sinov muddatini oʻtashdan boʻyin tovlagani uchun JKning tegishli moddasiga asosan sinov bekor qilinadi. Hukmda tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ijroga  qaratib beriladi.

Oʻzbilarmonligi unga juda qimmatga tushdi. M.M. endilikda besh yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.  Mavjud qonun-qoidalarni mensimaslikning oqibati ana shunday ayanchli boʻladi!

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.