18 +  RSS  E-mail
11:26, 11 04 2019

Saylovga tayyorgarlik talabga javob beradimi?


Mamlakatimizda demokratik talablarga javob beradigan, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishini taʼminlaydigan saylov tizimi yaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylovga oid qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda saylovlarni tashkil etish, oʻtkazish hamda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bogʻliq qoidalar belgilab qoʻyilgan. Ularga koʻra, fuqarolar umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqini, oʻz xohish-irodasini erkin bildirish va yashirin ovoz berish orqali amalga oshiradi.

Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollar) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining joriy yil 15 fevraldagi “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unga koʻra, tizimda yangi tartib va qoidalar joriy etildi. Jumladan, endilikda fuqarolar yigʻini raisi bilan bir vaqtning oʻzida ularning maslahatchilarini saylash tartibi bekor qilindi. Mahalla raisi avvalgi saylovlardan farqli tarzda uch yil muddatga saylanadi. Saylovlarning shaffof va oshkoraligini taʼminlash maqsadida, qonunda fuqarolar yigʻini raisi saylovini tashkil etish va oʻtkazish, saylov oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy, nomzodlar toʻgʻrisidagi axborot fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarning rasmiy veb-saytlariga saylov oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtirilishi belgilandi. Bundan tashqari, nomzodlarning yaqinlari saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiya va ishchi guruhlar tarkibida boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Joriy yilning may oyida boʻladigan fuqarolar yigʻini raislari (oqsoqollar) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan yigʻilish Navoiy viloyati hokimligida ham boʻlib oʻtdi. Unda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazish ishlarini yanada faollashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Saylov jarayonlari boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ammo ayrim mutasaddilarning masʼuliyatsizligi va loqaydligi sababli Oʻzbekiston fuqarolari uchun muhim hisoblangan tadbirga tayyorgarlik koʻrishda eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, nomzodlarni tanlash ishlari sustkashlik bilan olib borilmoqda. Vohamizdagi mahallalarning kattagina foizida hali nomzodlar toʻgʻrisida bir toʻxtamga kelinmaganligi tashvishli holatdir. Maʼlumki, qonun hujjatlari bilan fuqarolar yigʻinlari raislari zimmasiga 154 ta vazifa yuklatilgan. Afsuski, baʼzi nomzodlar saylov qonunchiligidan, mahalla raisining vazifalari nimadan iborat ekanligidan bexabar. Respublikamiz boʻyicha oʻtgan saylovlarda saylangan 35 foiz raislarning vakolati muddatidan oldin tugatildi. Chunki ular xalqning chinakam maslakdoshiga aylanishiga harakat qilishmagan.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ushbu muhim siyosiy tadbirda sektor rahbarlari faol ishtirok etishi lozim. Hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholining mahalliy ahamiyatga molik muammolarini hal etish, ezgu tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ular saylanadigan rais bilan hamkorlikda ishlaydi.

Xurshida NARZIYEVA,

“Doʻstlik bayrogʻi” muxbiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.