18 +  RSS  E-mail
11:18, 11 04 2019

Jizzaxda bolalarda kariyesni aniqlaydigan innovatsion texnologiyalardan foydalanilmoqda


Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Toshkent Davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda tishlarning tozalik darajasini aniqlaydigan, kariyesni rentgen tasviri orqali ham bilib boʻlmaydigan davrida aniqlash imkonini beruvchi texnologiyani Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasalarida joriy qilishni boshladi.

— Sogʻliqni saqlash sohasiga innovatsiyalarni joriy etish orqali aholi salomatligini saqlash va kasalliklarni profilaktika qilish bugungi kunda rivojlanib bormoqda, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi, Baxtinur Xudanov. — Rivojlangan davlatlar aholisi kasallikka chalinmaslik uchun astoydil harakat qiladi va natijada tish kariyesi aholining 30-35 foizida uchraydi. Biroq, hozirda Oʻzbekiston aholisining 95 foizida, boshqacha aytganda, deyarli barcha yosh qatlamlarida tish kariyesi aniqlanmoqda. Shunday ekan, tish kariyesi, uning asoratlari hamda milk kasalliklarining oldini olish usullarini bolalar va ularning ota-onalari orasida keng targʻib qilish, ularning stomatologik bilimlari va oʻz tishlarini tozalashga boʻlgan ragʻbatini oshirish muhim omil hisoblanadi.

QLF (Quantitative light fluorescence — miqdoriy nur fluorostsentsiyasi) texnologiyasiga asoslangan Qscan uskunasi tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma boʻlib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, uni qizil rangda koʻrsata oladi. Bunda tishlarda yopishib qolgan karashlarni koʻrgan bolalar yoki ularning ota-onalarida tishlarini toʻgʻri tozalashga, tish kasalliklari va ularning asoratlari paydo boʻlmasdan avval stomatologga murojaat qilishiga ragʻbati oshib boradi.

Vazirlik axborot xizmatining maʼlumot berishicha, dastlabki harakatlar Jizzax viloyatidagi Forish tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasalarida boshlangan. Bunda bolalar va ularning ota-onalariga ogʻiz boʻshligʻining gigiyenik qoidalari oʻrgatildi, tishlarni toʻgʻri tozalashda ular tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi, tish kariyesi va uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan kasalliklar haqida koʻrgazmali fotosuratlar taqdim etildi hamda kerakli maʼlumotlar berildi. Soʻngra joriy qilinishi boshlangan qurilma orqali bolalarning tishlari tekshirib koʻrildi.

Ushbu koʻrgazmali dastur yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotishi bilan birga, oʻz sogʻligʻiga befarq boʻlmaslikka, ota-onalar oʻz bolalarini sogʻlom boʻlib voyaga yetishi uchun hozirdan harakat qilishga zamin yaratdi.

Mazkur koʻrgazmali dastur Forish tumanida joylashgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalarida doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kungacha 2 ta maktabgacha taʼlim muassasasidagi 150 nafardan ortiq bolalar gigiyenik tekshiruvdan oʻtdi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.