18 +  RSS  E-mail
11:21, 11 04 2019

Ishlab chiqarish tarmogʻi kengaydi


Qariyb 3 milliard soʻm sarmoya oʻzlashtirilib, 50 kishi doimiy, yana shunchasi mavsumiy ish bilan taʼminlandi. «Yoshlar — kelajagimiz» davlat dasturi doirasida Gʻuzor tumanida 2018 yilda 14 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi shunga keng imkoniyat taqdim etdi. Yoshlar tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani, ularga zarur moliyaviy koʻmak koʻrsatilgani samarasi bu.

Mana birgina misol. Hududdagi «Zayniddin Zafarovich» firmasiga yosh ishbilarmon Zarif Qulmatov rahbarlik qilmoqda. Korxona jamoasi sanoat sohasida oʻzlarini sinab koʻrgan, pishiq gʻisht ishlab chiqarish quvvatlariga ega. Oʻtgan davrda tadbirkorlik subʼekti faqat shu yoʻnalish bilan cheklanib qolayotgandi. Tadbirkor esa qulay fursatni qoʻldan boy berishni oʻziga ep bilmadi. Biznes-reja ishlab chiqdi. Ancha ommalashgan boʻlsa-da, issiqxona xoʻjaligi yuritish fikriga toʻxtaldi. Hisob-kitobga koʻra, 200 million soʻm atrofida mablagʻ talab etiladi. Loyiha tegishli jamgʻarmaga taqdim qilindi. Tashabbus oʻzini oqlashiga shubha yoʻq, shuni eʼtiborga olib, tadbirkorga  darhol moliyaviy koʻmak koʻrsatildi.

— 5 yilga, uning ustiga 1 yillik imtiyozli davr bilan 150 million soʻm kredit ajratishdi, — deydi Zarif Qulmatov. — Qolgan xarajatni oʻz hisobimizdan qildik. Bultur kuzning oxirida 15 sotix maydonda issiqxonani toʻliq barpo etib, nihollarni ham ekkandik. Yaqindan boshlab esa pishib yetilgan mahsulotning bir qismini bozorga chiqardik. Shu choqqacha 5 tonna sarxil pomidor va 3 tonna bodringni hudud aholisi dasturxoniga yetkazib berdik. Hali hosil koʻp. Har sotixdan 3-4 tonna mahsulot olish moʻljalimizda yoʻq emas. Men kabi yosh tadbirkorlarga bunday imkoniyat berilgani ayni muddao boʻldi. Faoliyatimiz kengaydi, daromad salmogʻi oshdi. Qolaversa, qoʻshimcha ravishda 5 nafar yosh yigit-qiz foydali mehnatga jalb qilindi.

Keng koʻlamli dastur doirasida atigi 14 ta loyiha amalga oshishi katta bir tuman uchun maqtanarli raqam emas, albatta. Chunki Gʻuzorda bugun biznes boshlashga, jiddiy tadbirkorlikka qoʻl urishga chanqoq yoshlar talaygina. Shu maqsadda 2019 yilda bu hududda 50 dan ortiq tashabbusni roʻyobga chiqarish kutilayotgani ham bejiz emas. Faqat shu yoʻnalishga ajratilayotgan imtiyozli kredit miqdori ham salmoqli — 12 milliard 810 million soʻm.  Loyihalarning muvaffaqiyatli ishga tushishi 350 nafar insonning daromad manbaiga ega boʻlishiga sharoit hozirlaydi. Bu tashabbuslarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilgani esa kelgusida tumanda shu tarmoqlar ravnaqiga turtki berishi aniq.

Mirzohid JOʻRAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.