18 +  RSS  E-mail
9:42, 10 04 2019

Zanjir vasvasasi


X.M. oldin ham sudlangan, egri yoʻldan yurganiga qaramay boshi devorga qattiq tegmagan ekan, qingʻir ishga yana qoʻl urdi. Qizigʻi, u jabrlanuvchi ayol S.I. bilan axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtash davrida tanishgan edi.

Ushbu tanishuv uni yana bir bor jinoyatga yetaklashi, balki tushiga ham kirmagandi.

Kunlar isiy boshlagan bir palla. X.M. jabrlanuvchining yashash xonadoniga uy-roʻzgʻor ishlariga yordam berish uchun kirib bordi. Kun kech boʻlib qolganligi sababli uning uyida tunab qoladigan boʻldi. Ertasi kuni esa S.I.ning farzandlari oʻqish va ishiga otlanishdi. Ayol uyqudan endi turib, dush qabul qilish uchun hammomga kirib ketdi.

Ayni shuni kutib turgandek, X.M. bu “qulay” fursatni qoʻldan chiqargisi kelmadi. Zudlik bilan yotoqxonaga kirib, ayolning sumkasidan 400 ming soʻm pulni va oʻsha joydagi tortma ustida turgan tilla zanjirni changallab, oʻsha zahotiyoq uydan juftakni rostlaydi.

X.M. qoʻlidagi zanjirdan tezroq qutilish uchun, aniqrogʻi, oʻz moddiy manfaatlarini oʻylab uni pullashning payida boʻldi va toʻgʻri bozorga borib, tilla zanjirni notanish bir kimsaga sotish uchun imi-jimida koʻrsatdi. Biroq oʻsha kimsa zanjir narxini negadir yerga urdi.

Shundan soʻng, uni tekshirib koʻrish uchun zargarga olib borishdi. Qisqasi, oʻz nomi bilan zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, zanjir ustaga “nasib etadi”. Natijada 18 gramm zanjirni zargar 1,4 million soʻmga baholadi. Ammo buni eshitib X.M.ning kayfiyati buzildi. Tabiiyki, u bundan kattaroq raqamni kutgandi. Shuning uchun xonadan chiqib ketdi.

Ammo koʻp oʻtmay, yana shu zargar yoniga qaytib keldi. Bu “oʻgʻirlik”dan vaqtida “qutilish” kerak edi-da. Uni “yuk” qilib yuradigan boʻlsa, oʻziga qiyin boʻlishi mumkinligini juda yaxshi anglardi. Zanjir usta aytgan narxga ketdi. X.M. esa bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.

Sudlanuvchi X.M. sudda ushbu qilmishiga toʻliq iqror boʻldi. Mazkur jinoyat uning iqrorligidan tashqari, guvohlarning koʻrsatmalari bilan ham tasdiqlandi. Shunga koʻra, X.M.ga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kamol MURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.