18 +  RSS  E-mail
9:44, 10 04 2019

Er va ayol sabrining mukofoti!


Ayol sahar turib bomdodni oʻqidi. Eri ham boshqa xonadan joynamozini koʻtargancha chiqar ekan, bir-ikki aksirdi. “Shamollab qolmadilarmikan?” havotirlandi ayol. Kecha tuflisini artayotganida uning urinib qolganiga koʻzi tushgan edi. Ming marta tikilgan joy yana soʻkilgan, tagi sinib ichi jiqqa suvga toʻlgan edi. Endi nima qilsa ekan? Tufli olishsa, bolalarning maktabi uchun yoʻl kirasiga yetmaydi.

Ayol uyda qoʻlga ilinadigan, sotishga arziydigan biror nima topa olmadi. Bor boʻlsayam, eski bozorda arzimagan narxga soʻrab dilingni siyoh qiladi. Oʻyladi, sekin kiyimlarini koʻzdan kechirdi. Sotishga arziydigani ham qolmabdi. Birining tizzasi teshilgan, birining rangi oʻchgan. Kim ham olardi, deysiz?

Er esa bir burda non bilan choyni xoʻplarkan, hayolga toldi. Shuncha mehnat qilib kosam oqarmaydi, namuncha peshonam shoʻr boʻlmasa, hattoki bitta oyoq kiyimim ham yoʻq deb hayotidan nolimadi, balki

“Yo Alloh, Oʻzingga shukr, sabr qiluvchilar safida qilgan yaratgan egam — Oʻzingga hamdlar boʻlsin!” dedi.

Shu chogʻda darvoza taqilladi.

— Muhammadnazar ustaning uyi shumi?

— Ha, menman, kiravering.

— Yozda tomimizni yopgansiz, qoʻshni mahalladan Nodir akaning oʻgʻliman. Bizda ozroq pulingiz qolib ketgan ekan.

Usta biroz taraddudlandi, chunki usta puli qolganini eslay olmadi.

— Hammasini berib edi-ku! Dadangiz adashgan boʻlmasin.

— Oxirgi haftaniki qolgan ekan. Dadam xizmat safarida ancha qolib ketdilar. Qaytishlari bilan menga pulni tutqazib siznikiga yugurtirdilar.

Usta eslagandek boʻldi. Pulni oldi. Ayoli qoʻyarda-qoʻymay bozorga sudradi. Oyogʻiga tuzukroq poyabzal olishdi. Qolganiga ayoliga va bolalarga harajat qilishdi. Bozordan qaytishar ekan, usta ichida “Sabr qiluvchilar qatorida qilgan Alloh taologa hamdlar boʻlsin!” deya pichirlardi…

Agar er oʻshanda noshukrlik qilganida ham biror narsa oʻzgarmas edi, shukr qildi, Alloh sabr va shukriga yarasha ziyoda qildi. Sabr va shukr qilganiga oxiratda beriladigan savob unga yana bir mukofot boʻlib qoldi.

Suhayb Rumiy roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻminning ishi ajoyib! Uning barcha ishi, oʻziga yaxshilikdir. Bu faqat moʻminlardagina boʻladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, bas, unga yaxshi boʻladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi, bas, unga yaxshi boʻladi” — dedilar.

Sabr har bir moʻmin-musulmon erkak-ayolga lozim sifatdir. Bu chiroyli xislatsiz inson moʻmin-musulmonlik shartlarini, buyruqlarini yetarlicha bajara olmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishidagi xislatlarning eng yomoni dunyoga harislik, sabrsizlik, oʻta baxillik, qoʻrqoqlik va oʻzini tiya bilmaslikdir”, — deganlar.

Muxtabar XASANOVA

“Ona mehri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.