18 +  RSS  E-mail
9:36, 10 04 2019

127 nafar mutaxassis bilan uch tomonlama shartnoma imzolandi


Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filialida “Kar’era kuni” oʻtkazildi. Birinchi marotaba tashkillashtirilayotgan tadbirda viloyatdagi 40 ga yaqin ish beruvchi korxona va tashkilotlar oliy oʻquv yurti bitiruvchilariga oʻz mutaxassisliklari boʻyicha boʻsh ish oʻrinlarini taklif etishdi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali respublikamiz qishloq va suv xoʻjaligi sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlaydi. Joriy oʻquv yilida gidromelioratsiya hamda qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakul’tetlarini 8 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 314 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Ularning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashuvi muhim masala. “Kar’era kuni” tadbirining ochilish marosimida soʻz olganlar bugun turli mutaxassisliklar boʻyicha oliy oʻquv yurtini tamomlagan oʻgʻil-qizlarning tanlagan yoʻnalishlarida oʻz faoliyatlarini davom ettirishlari sohalar taraqqiyotida katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi. Bunda shu kabi tadbirlarning ham alohida oʻrni bor.

Zero, ish beruvchilarning oʻzlari kadrlar ehtiyoji yuzasidan unda ishtirok etishadi. Oliy taʼlim muassasasida yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan yoshlar oʻz oldilaridagi vazifalarni teran anglagan holda qator yutuqlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Ular orasida Prezident, Islom Karimov, Beruniy kabi nomdor stipendiantlar, “Eng yosh ixtirochi” nominatsiyasi boʻyicha “Yil talabasi” bor.

Mehnat yarmarkasi davomida koʻplab bitiruvchilar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga qabul qilinishdi. Shu kuni 40 ga yaqin korxona va tashkilotlar tomonidan bitiruvchi talabalarga koʻplab ish oʻrinlari taklif etildi hamda uch tomonlama shartnomalar tuzildi.

Lobar QILIChEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.