18 +  RSS  E-mail
9:20, 08 04 2019

Yotib qolguncha otib qol


Endigina 30 yoshga qadam qoʻygan Yu.M. firibgarlik qilishdan  choʻchimadi, oʻzganing halol mehnati evaziga topgan pulini oʻzlashtirishdan tap tortmadi. U muqaddam sudlangan, ammo mamlakatimizdagi bagʻrikenglik ifodasi amnistiya tufayli jazodan ozod etilgan edi..

Vaqtincha ishsiz boʻlgan bu fuqaroning gardanida ikki  nafar farzandni boqishdek masʼuliyat bor edi. U biror kasbga ega boʻlmaganligi uchun oʻzgalarni aldab, mol-mulkiga egalik qilishdek maqsad yashardi yuragida….

Kunlarning  birida Yu.M. bolalikdagi doʻsti O.N.dan qarz soʻrash uchun uyiga boradi. Ammo doʻsti ayni paytda qarzga bergulik ortiqcha puli yoʻqligini aytadi. Afsus bilan ketayotgan doʻstini quruq qaytarishni oʻziga ep koʻrmagan mezbon Yu.M.ni oʻzining yaqin tanishi oldiga olib boradi.

Ayol Yu.J.ning O.N.ga uzoq qarindoshligi ham bor edi.  Yigit tez orada katta miqdorda kredit olayotganligini aytib,  Yu.J.dan  60 million soʻm pullarini  aldab oladi. Qarz bergan ayol soʻraganida topib bera olmasdan, firibgarlik  qiladi.

H.I. oʻgʻlini oliy oʻquv yurtiga qoʻshimcha kontraktga kiritish ilinjida yurgan edi. Bu xabar yashin tezligida Yu.M.ning qulogʻiga yetib boradi. Bekorchi yigit yotib qolguncha otib qol, qabilida yoʻlga otlanadi.

Bir zumda H.I.ning uyini topib keladi va oʻgʻlini qoʻshimcha kontraktga oʻtkazishga katta vaʼdalarni beradi. Ayolning 3000 AQSh dollarini olgach, vaʼdasini bir zumda unutib  yuboradi…

Ammo, unga katta miqdordagi pullarini ishonib tutqazgan fuqarolar bu haqda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishdi.

Nihoyat, Yu.M.ning “faoliyati”ga nuqta qoʻyildi. Sud hukmi bilan unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 130 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek Yu.M.ni Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridan ekstraditsiya qilib, hibsxonaga joylashtirilishiga ketgan sarf-xarajat uchun sudlanuvchidan davlat hisobiga 30,6 million soʻm pul undirish belgilandi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.